Xitoyning BYD kompaniyasi yil yakunlariga ko‘ra Tesla’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil sotuvchisiga aylanish arafasida. Bu holat global elektromobil bozorida muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, BYD’ning to‘liq elektr avtomobillari savdosi yil davomida qariyb 28 foizga oshib, 2,25 million donadan oshgan. Shu bilan birga, tahlilchilarning baholashicha, Tesla’ning yillik savdosi taxminan 1,65 million avtomobilni tashkil etgan.
Tesla uchun o‘tgan yil murakkab kechdi: yangi modellarga bo‘lgan munosabat turlicha bo‘ldi, xitoylik raqobatchilar bosimi kuchaydi hamda Ilon Maskning siyosiy faoliyati investorlar orasida xavotir uyg‘otdi.
BYD, Geely va MG kabi xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari elektromobillarni nisbatan arzon narxlarda taklif qilib, g‘arb brendlariga jiddiy raqobat yaratmoqda. Bu esa bozorda narxlar bosimini kuchaytirdi.
Raqobat kuchaygan sharoitda Tesla AQSh bozorida o‘zining eng ko‘p sotiladigan modellari uchun arzonroq versiyalarni taqdim etdi. Shunga qaramay, 2025 yil boshida kompaniya savdolari pasaydi.
BYD’ning tezkor o‘sishi va bozor bosimi fonida Ilon Mask davlat faoliyatidagi ishtirokini qisqartirishini va Tesla’ning asosiy yo‘nalishlari — elektromobillar, avtonom taksilar hamda Optimus humanoid robotlari rivojiga e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
