So‘nggi kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarga kompaniya boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov nomidan maxfiy topshiriq yuborilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Unda yaqin vaqt ichida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi sifatida tanishtirilgan Jandos Belbekov bog‘lanib, bir qator savollar berishi mumkinligi aytilgan.
Xabarda qayd etilishicha, hozirda kompaniya xodimlarining shaxsiy ma’lumotlari noqonuniy tarqalishi bilan bog‘liq ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda. Shu sababli “DXX xodimi Belbekov Jandos” xodimlar bilan bog‘lanib, vaziyatni tushuntirishi va ayrim savollar berishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, ushbu ma’lumot qat’iy maxfiy hisoblanishi va uni hech kimga oshkor qilmaslik so‘ralgan.
Jandos Belbekov kim va nima uchun bu ism tez-tez uchrayapti?
So‘nggi paytlarda kiberjinoyatlar bilan bog‘liq holatlarda “Jandos Belbekov” nomi tez-tez tilga olinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, firibgarlar aynan shu ism orqali odamlarni aldash va ularning pulini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda.
Ko‘plab jabrlanuvchilar ushbu ismga ishongan holda katta miqdordagi mablag‘laridan ayrilgan. Firibgarlar o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati tergovchisi, mayor Jandos Belbekov deb tanishtirib, odamlarni psixologik bosim ostiga oladi.
Firibgarlik sxemasi qanday ishlaydi?
Odatda noma’lum shaxs Telegram yoki telefon orqali aloqa qiladi. U o‘zini DXX tergovchisi mayor Jandos Belbekov deb tanishtiradi. Rasman va jiddiy ohangda gapirish orqali u odamda xavotir va ishonch uyg‘otishga harakat qiladi.
Suhbat davomida u shaxsning bank hisob raqamiga kiberhujum bo‘layotganini aytadi. Shundan so‘ng tez orada Markaziy bank xodimi bog‘lanib, hisoblarni bloklashda yordam berishini bildiradi.
“Markaziy bank xodimi Dmitriy” qanday rol o‘ynaydi?
Oradan ko‘p o‘tmay yana bir shaxs qo‘ng‘iroq qiladi va o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtiradi. Ko‘p hollarda u o‘zini “Dmitriy” deb tanishtiradi. U jabrlanuvchiga uning nomiga turli banklardan kredit rasmiylashtirilayotgani va shubhali pul o‘tkazmalari aniqlanganini aytadi.
Shundan keyin u odamdan hozir qayerda ekanini so‘raydi va eng yaqin bankka borib, o‘z nomiga katta miqdorda kredit rasmiylashtirishni tavsiya qiladi. Bu orqali go‘yoki boshqa banklardan noqonuniy kredit olish jarayonini to‘xtatish mumkinligi aytiladi.
Natijada firibgar jabrlanuvchini to‘liq nazorat qila boshlaydi. U olingan kredit pullarini “tekshiruv uchun” yoki “moliyaviy aylanish” deb bahona qilib, o‘zi bergan bank kartasiga o‘tkazib olishga erishadi.
Qarshidagi voqea: jabrlanuvchi qanday aldanib qolgan?
O‘zbekistonda ushbu sxemaga aldanib qolganlar orasida Qarshi shahrida yashovchi erkak ham bor. U o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan “Dmitriy”ning ko‘rsatmasi bilan bir bankdan 100 million so‘m kredit olib, uning 92 million so‘mini Ayat Allamuratov nomiga ochilgan bank kartasiga o‘tkazib bergan.
Keyin esa boshqa bankdan 18 million so‘m kredit olib, o‘z mablag‘i bilan qo‘shib 25 million so‘m qilib yana firibgarlar bergan karta hisobiga PTP orqali o‘tkazgan.
Firibgarlik qanday fosh bo‘lgan?
Jabrlanuvchi uchinchi bankka borish arafasida vaziyatdan shubhalana boshlagan. Shundan so‘ng u “tergovchi Jandos Belbekov” bilan videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashishni talab qilgan.
Videoqo‘ng‘iroqda taxminan 28–30 yoshlar atrofidagi soqolli shaxs ko‘ringan. Ammo uning xizmat kiyimidagi “pogoni”da xatolik borligini payqagan jabrlanuvchi vaziyatdan shubhalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Tekshiruv natijasida ushbu jinoyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi 25 yoshli yigit tomonidan sodir etilgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi 2025 yil 14 noyabr kuni sudlanuvchini jinoiy javobgarlikka tortgan.
Firibgarlar yangi usullarni qo‘llayaptimi?
Mazkur sud ishidan keyin ham “Jandos Belbekov” nomi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari to‘xtamagan. Ushbu ism hanuzgacha kiberfiribgarlar tomonidan odamlarni ishontirish va ularga psixologik bosim o‘tkazish uchun “kiberqurol” sifatida qo‘llanmoqda.
Mutaxassislar bunday vaziyatlarda noma’lum qo‘ng‘iroqlarga ishonmaslik, shaxsiy yoki bank ma’lumotlarini bermaslik va shubhali holatlarda darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.
