Ohangaron tumanida 1,6 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

Nazorat tadbirlari, yashirin gaz tarmog‘iga ulanish, qayta hisob-kitob qilingan zarar va hujjatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilishi

❤️ 0 likes🗓 1/8/2026
Ohangaron tumanida 1,6 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik qonunbuzilish holati aniqlandi. Tekshiruvlar natijasida 1 milliard 603 million so‘mlik tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.

Hududlarda maxsus ishchi guruhlar tashkil etilib, iste’molchilarda gazdan foydalanish holatini xatlovdan o‘tkazish, qonunbuzilishlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha tizimli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida Ohangaron tumanida o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida tumanning “G‘alla quduq” MFY, Quruvchilar ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro G. S. yashash xonadoniga tutash binoda go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sex tashkil etgani aniqlandi.

Mazkur sex tegishli shartnoma va loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy tarzda ulangan bo‘lib, amaldagi tartib va talablarga zid ravishda faoliyat yuritgan.

Aniqlangan holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirildi va noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilinib, yetkazilgan zarar 1 milliard 603 million so‘m etib belgilandi.

To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Hududlarda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Telegram kanalimizga azo bo'ling