O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar va YTTlar uchun raqamli soliq ekotizimi joriy etilmoqda

Yagona raqamli platforma, avtomatik soliqlar va shaffof hisob-kitoblar — PQ-247 (2025-yil 12-avgust)

❤️ 1 likes🗓 1/2/2026
O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar va YTTlar uchun raqamli soliq ekotizimi joriy etilmoqda

O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun to‘liq raqamlashtirilgan yangi maxsus huquqiy rejim joriy etilmoqda. Ushbu yondashuv tadbirkorlik faoliyatini yuritish va soliq majburiyatlarini bajarishni ancha soddalashtiradi.

Barcha asosiy jarayonlar yagona raqamli ekotizim doirasida amalga oshiriladi: biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘xtatish, daromadlarni hisobga olish, soliqlarni avtomatik hisoblash va to‘lash, hisobotlarni shakllantirish hamda fiskal elektron cheklar berish.

Raqamli platformalar orqali soliq majburiyatlari deklaratsiya topshirmasdan avtomatik tarzda hisoblanadi. Operatsiyalar va daromadlar real vaqt rejimida fiskallashtirilib, ma’lumotlar soliq va bank tizimlariga integratsiya qilinadi.

Masofadan identifikatsiya qilish (biometriya va SMS-tasdiqlash), elektron raqamli imzodan foydalanish, elektron hisobvaraqlarni ochish va boshqarish, shuningdek QR-kodlar va kontaktsiz to‘lov texnologiyalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va YTTlar uchun aylanmadan olinadigan soliqning yagona stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. Bir qator eskirgan soliq talablari bekor qilinadi va ma’muriy yuk kamaytiriladi.

Yangi raqamli rejim yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq bazasini kengaytirish hamda kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun qulay, shaffof va zamonaviy ish muhitini yaratishga qaratilgan.

Telegram kanalimizga azo bo'ling