O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda energetik xavfsizlikni mustahkamlash va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan izchil siyosat amalga oshirilmoqda. Shu doirada davlat rahbari “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining ustuvor vazifalari va uzoq muddatli rivojlanish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda gaz qazib olish hajmlarini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini kuchaytirish va sohani chuqur transformatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Prezident energiya resurslarini barqaror yetkazib berish mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekanini ta’kidlab, gaz sohasida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan geologiya-qidiruv ishlarini faollashtirish orqali yangi konlarni aniqlash va mavjud resurs bazasini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Ushbu yondashuvning amaliy natijasi sifatida Ustyurt mintaqasida muhim geologik kashfiyot qayd etildi.
Xususan, “Mo‘ynoq” koni yaqinida joylashgan Shagirlik – quyi yura 2-sonli izlov qudug‘ida yuqori bosimli, sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan tabiiy gaz oqimi aniqlandi. Mazkur natija hududning yuqori uglevodorod salohiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlab, Prezident tomonidan belgilangan strategik yo‘nalishlarning to‘g‘riligini ko‘rsatdi.
Ushbu maydon Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tasarrufidagi “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” DM tomonidan o‘tkazilgan 3D seysmik qidiruv ishlari natijalari asosida chuqur izlov burg‘ilashga tayyorlangan. Bu esa ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuv Prezident tomonidan ilgari surilgan talablar bilan hamohang ekanini ko‘rsatadi.
E’tiborlisi, mazkur quduq “O‘zbekneftgaz” jamiyati hamda uning tarkibida faoliyat yuritayotgan Loyiha boshqaruv ofisining malakali mutaxassislari tomonidan burg‘ilandi. Ushbu ofis Prezident topshirig‘iga muvofiq, xorijiy yetakchi neft-gaz kompaniyalarida tajriba orttirgan yuqori salohiyatli mutaxassislardan shakllantirilgan.
2026 yil 10 yanvar holatiga ko‘ra, quduq 5 265 metr chuqurlikkacha burg‘ilanib, 5 061–5 265 metr oralig‘idagi quyi yura qatlamlarida barqaror tabiiy gaz uyumlari aniqlandi. Gaz oqimining yuqori bosimi ushbu zaxiralarning kelgusida sanoat miqyosida samarali o‘zlashtirilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan kompleks rivojlanish vazifalariga muvofiq, quyi yura qatlamlarining geologik tuzilishini yanada chuqur o‘rganish va aniqlangan gaz uyumlarining tarqalish chegaralarini belgilash maqsadida mazkur hududda 3 va 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilmoqda. Bu ishlar gaz qazib olish hajmlarini yanada oshirish va mamlakat energetik barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Manbalar:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy veb-sayti: president.uz
– Ustyurt mintaqasida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar
Soha yangiliklaridan xabardor bo‘lib borish uchun Telegram kanalimizga obuna bo‘ling.


