Paragvay poytaxti Asunsyonda Yevropa Ittifoqi va Janubiy Amerikaning MERCOSUR savdo bloki uzoq kutilgan erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni rasman imzoladi. Ushbu hujjat chorak asrdan ortiq davom etgan murakkab va mashaqqatli muzokaralarga yakun yasab, global miqyosda kuchayib borayotgan proteksionizm va savdo keskinliklari sharoitida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Asunsyonning issiq va nam muhitida o‘tgan imzolash marosimi Yevropa Ittifoqi uchun muhim geosiyosiy yutuq sifatida baholanmoqda. Kelishuv tabiiy resurslarga boy bo‘lgan va AQSh hamda Xitoy o‘rtasidagi raqobat kuchayib borayotgan mintaqada YeIning ta’sir doirasini kengaytiradi.
Shuningdek, mazkur bitim Janubiy Amerika davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning G‘arbiy yarimsharda ustunlik haqidagi bayonotlariga qaramay, turli yo‘nalishlarda savdo va diplomatik hamkorlikni davom ettirishga intilayotganini namoyon etadi.
Yevropa Komissiyasi prezidenti, YeIning ijro etuvchi hokimiyatiga rahbarlik qiluvchi Ursula fon der Lyayen kelishuvning «geosiyosiy ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmasligini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat erkin savdoga nisbatan shubhalar qayta kuchayayotgan bir davrda alohida ahamiyat kasb etadi.
E’tiborlisi shundaki, marosim boshlanishi arafasida Donald Tramp Grenlandiya ustidan AQSh nazoratiga qarshi chiqqani uchun sakkizta Yevropa davlatiga 10 foizlik boj tariflari joriy etilishini e’lon qildi.
«Biz tariflar o‘rniga adolatli savdoni tanlaymiz. Yakkalanish o‘rniga uzoq muddatli va samarali hamkorlikni tanlaymiz», — dedi fon der Lyayen tadbir davomida.
Imzolash marosimida MERCOSUR a’zolari bo‘lgan Argentina, Urugvay va Paragvay prezidentlari, shuningdek savdo blokining eng yirik iqtisodiyoti hisoblangan Braziliya tashqi ishlar vaziri ishtirok etdi.
