1 maydan elektromobil quvvatlash narxi qanday tartibda belgilanadi?
2026 yil 1 maydan boshlab O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kWh elektr energiyasi narxi 300 so‘mdan oshgan taqdirda, ortiqcha qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Ya’ni, haydovchi har qanday tarifda ham faqat 300 so‘mni o‘z hisobidan to‘laydi.
Mazkur tartib prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida belgilangan bo‘lib, elektromobillardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan.
Taksichilar uchun qanday soliq va avtoturargoh imtiyozlari beriladi?
2026 yil 1 martdan e’tiboran elektromobilda taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi.
Ularga ijtimoiy soliq bo‘yicha 10 foizgacha chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, davlat tashkilotlariga tegishli avtoturargohlarda, jumladan aeroport va vokzallardagi to‘xtash joylarida 30 daqiqagacha bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
“Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni kimlarga beriladi?
2026 yilgi davlat dasturiga muvofiq, elektromobilda taksichilik qilayotgan fuqarolar uchun maxsus “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Ushbu mukofotga sazovor bo‘lish uchun haydovchi taksi faoliyatini rasmiy ravishda, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida amalga oshirishi, elektromobilda 1 million kilometr masofani bosib o‘tishi hamda shu davr mobaynida biror marta ham huquqbuzarlik sodir etmasligi, radarga tushmasligi va yo‘l-transport hodisasiga sababchi bo‘lmasligi shart.
Bu haqdagi ma’lumotlar Kun.uz rasmiy kanali orqali e’lon qilingan.
Quvvatlash stansiyalari uchun yer maydonlari qanday shartlarda beriladi?
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini barpo etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlarining auksiondagi boshlang‘ich narxi ularning bozor qiymatiga nisbatan ikki barobar arzon etib belgilanadi. Ushbu topshiriq ijrosi ham 2026 yil 1 maydan boshlanishi rejalashtirilgan.
Ekologiya va yashil hududlar bo‘yicha yana qanday rejalar bor?
Davlat dasturida respublika hududlarida 14 ta botanika va dendrologiya bog‘lari hamda har bir hududda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribasi o‘rganilib, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi bo‘yicha ilmiy asoslangan pilot loyiha ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
