Samarqand viloyatida yirik ma’muriy-hududiy o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qaror qo‘llab-quvvatlandi. Unga ko‘ra, Samarqand tumani tugatiladi, shuningdek, Samarqand shahri hamda Oqdaryo, Pastdarg‘om va Toyloq tumanlari chegaralari qayta belgilanadi. Mazkur masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ushbu o‘zgarishlar Samarqandni «millionlik shahar»ga aylantirishga qaratilgani ta’kidlandi. Islohotlarning asosiy maqsadi — zamonaviy shahar muhitini shakllantirish, ilg‘or arxitektura yechimlariga ega turar joy va noturar binolarni barpo etish, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish hamda muhandislik va transport infratuzilmasini rivojlantirishdan iborat.
Qayd etilishicha, Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi. Bu esa hududlarni boshqarishni optimallashtirish va shaharni kompleks rivojlantirish imkonini beradi.
Fraksiya a’zosi Diyor Husanovning ma’lum qilishicha, chegaralar o‘zgartirilishi natijasida Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayadi. Bu yangi investitsiya va qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, yangi turistik maskanlar, ko‘ngilochar zonalar, o‘yin maydonchalari, akvaparklar, dam olish bog‘lari, havo sharlaridan foydalaniladigan loyihalar, shuningdek, yashil hududlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari va logistika markazlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Samarqandni milliondan ortiq aholiga ega shahar sifatida rivojlantirish masalasi 2021 yildan buyon muhokama qilinib kelinmoqda. Ushbu tashabbus dastlab o‘sha paytdagi viloyat hokimi Erkintjon Turdimov tomonidan ilgari surilgan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil noyabr oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida keng ko‘lamli ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar rejalashtirilayotganini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlaridan jami 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahri tarkibiga qo‘shib beriladi.
Ushbu o‘zgarishlar natijasida Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 ming nafargacha yetishi kutilmoqda. Bu esa shaharni zamonaviy infratuzilmaga ega, yuqori yashash darajasini ta’minlay oladigan yirik megapolisga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Manba: Kun.uz

