Eron armiyasi bergan rasmiy bayonotga ko‘ra, mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi hududida AQShga tegishli A-10 hujumkor samolyotni urib tushirgan. IRIB davlat telekanali orqali e’lon qilingan ma’lumotda aytilishicha, samolyot Fors ko‘rfazi suvlariga qulab tushgan.
Samolyot qanday urib tushirilgani haqida nima ma’lum?
Eron harbiylari hodisa juma kuni, 3 aprel kuni kechqurun sodir bo‘lganini bildirdi. Ularning ta’kidlashicha, A-10 samolyoti mamlakatning havo mudofaa tizimlari tomonidan nishonga olinib yo‘q qilingan. Rasmiy bayonotda samolyotning dengizga qulagani alohida qayd etilgan.
AQSh manbalari bu voqeani qanday izohladi?
The New York Times gazetasi AQSh rasmiylariga tayanib, A-10 Thunderbolt II samolyoti Fors ko‘rfazi hududida halokatga uchraganini yozdi. Manbalarga ko‘ra, hodisa Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida yuz bergan. Uchuvchi esa omon qolgan va qutqarib olingan. Samolyotning qulashi sabablari hozircha ochiqlanmagan.
So‘nggi kunlarda yana qanday yo‘qotishlar kuzatilmoqda?
Mazkur hodisa AQSh harbiy-havo kuchlari uchun so‘nggi 24 soat ichidagi ikkinchi yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Avvalroq, Eron Inqilob qo‘riqchilari korpusi yana bir AQSh jangovar samolyoti urib tushirilganini bildirgan edi. Dastlab bu samolyot F-35 deb aytilgan, biroq keyinchalik ekspertlar uning aslida F-15E ekanini aniqlagan.
Ekipaj taqdiri haqida nimalar ma’lum?
AQSh rasmiylari samolyot yo‘qotilganini tasdiqlagan. Qidiruv-qutqaruv ishlari har ikki tomon tomonidan olib borilmoqda. Amerika OAV ma’lumotiga ko‘ra, ikki kishilik ekipajning bir a’zosi qutqarilgan, ikkinchi uchuvchining taqdiri esa hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Donald Tramp bu vaziyatga qanday munosabat bildirdi?
AQSh prezidenti Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida bu hodisa Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. U vaziyatni qisqacha “bu urush” deya izohladi.
Trampdan urib tushirilgan F-15E samolyoti ekipajining ikkinchi a’zosi asirga olingan yoki jarohatlangan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘ralganda, u bu haqda aniq javob bermadi va bunday holat yuz bermasligiga umid bildirdi.
