Yangi tartib nimani nazarda tutadi?
Markaziy bank 22-apreldan boshlab masofaviy moliyaviy xizmatlarda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib joriy etilishini ma’lum qildi. Ushbu o‘zgarishlar asosan yangi ro‘yxatdan o‘tayotgan mijozlarga tegishli.
Kimlar ilovalardan bemalol foydalanishda davom etadi?
Agar mijozning telefon raqami, JShShIR va bank kartasi egasi bir-biriga mos kelsa, u moliyaviy ilovalardan muammosiz foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, telefon raqami yaqin qarindoshlar — ota-ona, opa-singil, turmush o‘rtog‘i yoki farzand nomida bo‘lsa ham, xizmatlardan foydalanish davom etadi. Bu holatda hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi.
Qachon muammo yuzaga keladi?
Muammo faqat bitta holatda yuzaga keladi: agar telefon raqami yoki bank kartasi mijozga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan begona shaxs nomida bo‘lsa.
Masalan, boshqa odam nomiga rasmiylashtirilgan SIM-karta yoki boshqa shaxsga tegishli bank kartasidan foydalanish cheklanishi mumkin.
Bu o‘zgarishlar kimlarga tegishli?
Ta’kidlanishicha, yangi tartiblar asosan 22-apreldan keyin ro‘yxatdan o‘tadigan foydalanuvchilar uchun amal qiladi.
Amaldagi foydalanuvchilarga ta’siri qanday?
Hozirda ilovalardan foydalanib kelayotgan mijozlar uchun hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Ular xizmatlardan avvalgidek foydalanishda davom etadi.
