Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston tashqi siyosati, diplomatik vakolatxonalar faoliyati va ularni zamon talablari asosida takomillashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Davlat rahbari yig‘ilishni ochib, bugungi kunda dunyoda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar kechayotgani, davlatlar suverenitetiga tahdidlar kuchayayotgan murakkab sharoitda tashqi siyosat faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha yondashuv asosida tashkil etish davr talabi ekani qayd etildi.
Prezident 2025-yil tashqi siyosat sohasida ko‘plab amaliy natijalar bilan yodda qolganini ta’kidladi. Hisobot davrida 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining mamlakatimizga tashriflari tashkil etildi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar samarali bo‘lib, so‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi va ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik aloqalari mustahkamlandi.
Prezidentimizning ta’kidlashicha, ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston tobora global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda. 2017-yildan buyon xorijda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning umumiy soni 60 taga, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan davlatlar esa 165 taga yetdi.
Yig‘ilishda elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari kengaytirilgani, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi xodimlarning oylik ish haqi oshirilgani qayd etildi. Shu bilan birga, bu imkoniyatlardan barcha vakolatxonalar birdek samarali foydalanayaptimi, degan savol o‘rtaga qo‘yildi.
Prezident diplomatik faoliyatni baholashning yagona mezoni natija ekanini qat’iy ta’kidladi. Hozirgi sharoitda elchi faqat siyosiy muloqot olib boruvchi shaxs emas, balki investitsiya va texnologiyalarni jalb qiluvchi, yangi eksport bozorlarini ochuvchi, logistika yo‘laklarini ishga soluvchi, turizmni rivojlantiruvchi va eng muhimi, xorijdagi fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiluvchi davlat vakili bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan elchilar faoliyatini baholashda eksport tushumlari, turistlar oqimi va fuqarolarimizni qonuniy ish o‘rinlariga joylashtirish kabi aniq KPI ko‘rsatkichlari joriy etildi.
Davlat rahbari iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini alohida ta’kidladi. Chunki iqtisodiy diplomatiya yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining mustahkam poydevori hisoblanadi.
Ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo bitimlari imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport hajmi 33,5 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi esa 43 milliard dollardan oshdi.
O‘tgan yili 75 ta davlatga eksport qariyb 4,5 milliard dollarga oshgani qayd etilib, elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan tizimli ishlasa, bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.
Misol sifatida, ichki bozorini to‘ldirish uchun har yili 100 milliard dollarlik mahsulot import qiladigan Iroq O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor ekani qayd etildi. Ushbu davlatdan 150 ta yirik kompaniyaning O‘zbekistonga tashrifi ijobiy baholanib, ular orqali Yaqin Sharq bozorlariga chiqish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Elchilarga Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bilan ham xuddi shu tartibda ishlab, yangi hamkorlar topish va bozorlarga kirish bo‘yicha faol choralar ko‘rish topshirildi. Yevropaga eksport hajmi 23 foizga oshib, 2,3 milliard dollarga yetgani bilan birga, ayrim davlatlarda mahsulotlarimizni targ‘ib qilish sustligi tanqid qilindi.
Fransiya kimyo sanoati mahsulotlari uchun istiqbolli bozor sifatida ko‘rsatildi. Ushbu mamlakatdagi elchixonaga o‘g‘itlarga qo‘yiladigan talab va standartlarni o‘rganish, ularni Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi korxonalarga yetkazish hamda ko‘rgazmalar tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Umuman olganda, Yevropaning qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlariga mineral o‘g‘it eksportini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi. Ispaniyaning suv tanqisligi sharoitida erishgan yutuqlari, xususan, quyosh energiyasida ishlovchi issiqxonalar tajribasi alohida e’tirof etildi.
Niderlandiyaning issiqxona sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida “World Horti Center” markaziga kamida 100 nafar mahalliy mutaxassisni yuborish belgilanib, Belgiyadagi elchiga ushbu jarayonni tashkil etish vazifasi topshirildi.
Yig‘ilishda yirik tadbirkorlar sinfi shakllangani qayd etilib, endilikda ularning loyihalarini xorijda joylashtirish orqali yangi bozorlarga tezkor kirish imkoniyatlarini yaratish vaqti kelgani ta’kidlandi.
Qatardagi erkin iqtisodiy zonalarda mavjud soliq imtiyozlari va subsidiyalar misolida ushbu davlat orqali Ko‘rfaz mamlakatlari bozoriga chiqish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Elchi va mas’ullarga mahalliy korxonalar bilan birgalikda aniq loyihalarni boshlash topshirildi.
Misr bilan hamkorlik doirasida kartoshka urug‘chiligi, cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, irrigatsiya texnologiyalari va farmatsevtika loyihalari bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surilgani qayd etildi hamda ularni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, iqtisodiyoti 3 trillion dollarga teng bo‘lgan Afrika qit’asi bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi va tegishli “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Yevropaga yuk tashish xarajatlari oshgani sharoitida Polshaning strategik logistika darvozasi sifatidagi ahamiyati qayd etilib, tranzitni yengillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida “Dunyo” axborot agentligi faoliyatini jonlantirish, nufuzli xorijiy PR kompaniyalar va OAV bilan tizimli ishlash, shuningdek, xorijiy elchilar va xalqaro tashkilotlar bilan hududlar kesimida yangi hamkorlik mexanizmlarini joriy etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
