Ayni paytda Istanbul Basaksehir safida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ushbu mavsumda 13 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. 18 turdan so‘ng jamoa 26 ochko jamg‘arib, Turkiya Superligasi turnir jadvalida oltinchi o‘rinni egallab turibdi.
Turkiyaning Anadolu axborot agentligi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov bilan suhbat e’lon qildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Suhbatda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sport, ayniqsa futbol sohasida sezilarli yutuqlarga erishilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekistonlik futbolchilar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro miqyosda ham tanila boshlagani, bu esa davlatning dunyodagi nufuzini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Istanbul Basaksehir safida debyut mavsumini o‘tkazgan Shomurodov Turkiya Superligasida 17 o‘yinda 12 ta gol urib, musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
O‘zbekiston futbolining rivoji haqida so‘zlar ekan, Eldor Shomurodov bu yutuqlar mamlakat rahbariyati tomonidan futbolga qaratilayotgan katta e’tibor va qo‘llab-quvvatlash natijasi ekanini ta’kidladi.
“Yoshlar uchun barcha sohalarda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu sababli ular o‘z salohiyatini namoyon etib, yuqori natijalarga erishmoqda. O‘ylaymanki, so‘nggi 10–15 yil ichida juda katta taraqqiyotga erishdik”, dedi u.
Suhbat davomida milliy terma jamoa sardori AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.
“Tariximizda ilk bor 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldik. Bu haqiqatan ham juda quvonchli voqea. Bu kunni uzoq yillar kutgan xalqimiz nihoyatda xursand bo‘ldi. Hozir turnirga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Maqsadimiz munosib ishtirok etish va O‘zbekiston ham futbol mamlakati ekanini dunyoga ko‘rsatishdir.
Guruhdan chiqish imkoniyati har doim mavjud. Albatta, faqat ishtirok bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz va yaxshi natijalar uchun kurashamiz. Eng muhimi, nufuzli musobaqada kuchli terma jamoalarga qarshi ishonch bilan maydonga tushishni istaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Shomurodov.
Shuningdek, u O‘zbekistonning Jahon chempionatiga chiqishini ta’minlagan Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘yinni alohida eslab o‘tdi.
“Bu mening faoliyatimdagi eng unutilmas o‘yin bo‘ldi. Aynan shu uchrashuv bizga Jahon chempionatiga chiqish imkonini berdi. O‘sha kuni butun futbol yo‘lim ko‘z o‘ngimdan o‘tib ketdi”, dedi hujumchi.
Bundan tashqari, Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy taomlari, urf-odatlari va madaniy merosi haqida iliq fikrlar bildirdi.
“O‘zbek milliy oshxonasi turk oshxonasidan kam emas. Turli xil milliy taomlarimizdan tashqari, Samarqand, Xiva va Buxoro kabi tarixiy shaharlarimiz bor. Toshkent ham juda o‘zgarib, chiroyli maskanlarga boy bo‘ldi. Xullas, O‘zbekistonga kelgan har bir inson bundan afsuslanmaydi”, deya suhbatni yakunladi futbolchi.
Hozirda Eldor Shomurodov hisobida 13 ta gol va 3 ta assist mavjud, Istanbul Basaksehir esa 18 turdan so‘ng 26 ochko bilan oltinchi pog‘onada bormoqda.
