Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi yangi zamonaviy majmuada ish boshlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni ushbu tibbiyot maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Yangi onkologiya markazi Janubiy Koreya klinikalari tajribasi asosida loyihalashtirilib, 5 gektardan ortiq maydonda barpo etildi. Majmua 9 ta binodan iborat bo‘lib, bemorlar va shifokorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Avvalgi markazda 370 o‘rin bo‘lgan bo‘lsa, yangi majmuada 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi o‘rin tashkil etildi. Endi markaz bir kunda 500 nafargacha bemorni ambulator sharoitda qabul qila oladi.
Markaz eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Zamonaviy MRT va KT apparatlari yordamida kasallikni erta aniqlash imkoniyati kengaydi. Yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari, jumladan, kam invaziv va suyak iligi transplantatsiyasi amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, ilk bor yadro tibbiyoti va zamonaviy nur terapiyasi bo‘limi ishga tushirilmoqda. Bu esa davolash jarayonining uzluksiz va samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
Markaz faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi. Bemorlar navbat kutmasdan, oldindan belgilangan vaqtda qabulga kelishlari mumkin bo‘ladi. Respublika bo‘ylab yagona elektron “kansar-registr” tizimi joriy etiladi.
Yangi onkologiya markazi saraton kasalliklarini erta aniqlash, samarali davolash va bemorlar umrini uzaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu loyiha tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va tibbiy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
