O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Endilikda nafaqat xotin-qizlar, balki armiyadan qaytgan yigitlar ham oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun foizsiz ta’lim kreditidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, davlat tomonidan oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun zarur bo‘lgan xorijiy til va fan sertifikatlarini olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar qoplab beriladi. Bu esa yoshlar uchun ta’lim olish jarayonini yanada qulay va moliyaviy jihatdan yengil qiladi.
Mazkur tashabbuslar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga harbiy qismlarning o‘zida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlarini topshirish imkoniyati yaratiladi.
Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan harbiy xizmatchilar muddatli xizmat yakunlangach, bevosita oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishni boshlaydi. Agar yoshlar oliygohlarga kontrakt asosida o‘qishga kirsa, ularga foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
Bundan tashqari, armiyadan qaytib davlat tashkilotlariga ishga joylashmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilanmoqda. Xususan, Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test natijalariga 10 foizlik ustama ball berish amaliyoti joriy etiladi.
Xususiy sektorda faoliyat yuritishni rejalashtirgan yoshlar uchun esa kasb-hunar o‘rganish hamda tegishli sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.
Prezident ta’kidlaganidek, muddatli harbiy xizmat yoshlar uchun kelajakdagi ta’lim va kasbiy muvaffaqiyatga olib boradigan muhim bosqichga aylanishi lozim.
Manba: O‘zA, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
