Donald Tramp Venesuelaning yangi yetakchisi Delси Rodrigesni ogohlantirib, agar u “to‘g‘ri ish qilmasa”, “juda katta narx to‘lashi, ehtimol Madurdan ham kattaroq bo‘lishi” mumkinligini aytdi. Bu haqda u The Atlantic jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ushbu bayonot sobiq prezident Nikolas Maduro Nyu-Yorkda sud oldida javob berishi kutilayotgan paytga to‘g‘ri keldi. AQSh rasmiylari Maduroni giyohvand moddalar savdosi va qurol-yarog‘ bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblab, uning hukumatini “narko-terroristik rejim” deb atamoqda. Maduro esa bu ayblovlarni inkor etadi.
Ilgari Maduro davrida vitse-prezident bo‘lgan Delси Rodriges hukumatning ilk yig‘ilishida nisbatan murosali ohangda chiqish qildi. U AQSh bilan xalqaro huquq doirasida hamkorlik va umumiy rivojlanishga qaratilgan kun tartibini taklif etdi.
Oliy sud va harbiylar ko‘magiga tayangan Rodriges dushanba kuni ertalab Karakasda prezident sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Venesuela bilan urush holati yo‘qligini ta’kidladi. Biroq shanba kuni Karakasga berilgan havo zarbalaridan so‘ng Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, AQShga olib ketilgan. Ayrim demokrat qonunchilar bu operatsiyani “urush harakati” deb atadi.
Trampning aytishicha, Venesuela uchun “rejim almashuvi — qanday atashdan qat’i nazar — hozirgi holatdan yaxshiroq”, chunki vaziyat “bundan battar bo‘lishi qiyin”. U shuningdek, AQSh mamlakatda “xavfsiz va oqilona o‘tish davri” ta’minlangunga qadar boshqaruvni qo‘lga olishini bildirgan.
Bundan tashqari, Tramp AQShning neft kompaniyalari Venesuelaga kirib, infratuzilmani tiklashi va mamlakat uchun foyda keltiradigan daromad olishni boshlashini va’da qildi.
Shunga qaramay, Maduro ittifoqchilari hanuz muhim lavozimlarni egallab turibdi. Kuba hukumati AQSh operatsiyasi vaqtida 32 nafar “jasur kubalik jangchi” halok bo‘lganini e’lon qildi va ikki kunlik milliy motam e’lon qildi.
