“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda korxona rahbariyati, yoshlar faollari hamda oddiy ishchilar ishtirok etdi.
Muloqot avvalida Boshqaruv raisi neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, mehnat sharoitlarini bosqichma-bosqich yaxshilash hamda xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Abdugʻani Sanginov ishchi-xodimlar tomonidan bildirilgan barcha murojaat va takliflarga shaxsan javob berib, mavjud muammolarni imkon qadar tezkor va samarali hal etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u har chorakda majmuaga tashrif buyurib, joylardagi real holatni bevosita o‘rganib borishini ma’lum qildi.
Infratuzilma masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, majmua bilan ishchilar istiqomat qiladigan hududni bog‘lovchi taxminan 5 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘lini ta’mirlash va soz holatga keltirish bo‘yicha taklif ma’qullandi. Ushbu vazifa yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, maxsus ish kiyimlarini xodimlarga yiliga bir marta emas, balki mavsumiy asosda taqdim etish bo‘yicha taklif qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, ushbu korxonada uzoq yillar davomida halol mehnat qilgan ishchilarning farzandlarini xorijiy kompaniyalar huzurida ta’lim olish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasi belgilandi.
Zararli mehnat sharoitida faoliyat yuritayotgan xodimlar masalasiga alohida urg‘u berildi. Mazkur toifadagi ishchilar uchun kompensatsiya to‘lashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriq berildi. Bu tashabbus mehnatni muhofaza qilish va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qayd etildi.
Muloqot yakunida korxona rahbariyati oldiga ishlab chiqarish hajmlarini 15 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu maqsadga erishish uchun ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Ochiq muloqot ishchi-xodimlarning muammolarini bevosita tinglash, ularga amaliy yechimlar topish hamda korxona faoliyatida ochiqlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
