O‘zbekiston Migratsiya agentligi Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi bilan hamkorlikda Yaponiyada 200 nafar yetkazib beruvchi haydovchi uchun ish o‘rinlari ochilganini e’lon qildi. Dastur muvaffaqiyatli nomzodlar uchun qulay shartlar va keng qamrovli qo‘llab-quvvatlashni taklif etadi.
Nomzodlar qanday tayyorgarlikdan o‘tadi?
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, tanlab olingan nomzodlar 2026 yil aprel oyidan boshlab Toshkent viloyati Angren shahrida 8 oylik bepul o‘quv kursida qatnashadi. O‘qish davomida ularga bepul yotoqxona taqdim etiladi.
Tanlov jarayoni qanday bo‘ladi?
Saralash jarayoni 30 martdan 3 aprelgacha Proud Partners tomonidan onlayn suhbat orqali amalga oshiriladi. Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- Yosh: 21 dan 35 yoshgacha.
- Guvohnoma: BC toifali haydovchilik guvohnomasi va C toifani olgandan keyin kamida 3 yillik tajriba.
- Tillar: Yapon tilini bilish ustunlik hisoblanadi.
- Rozilik: Mehnat shartnomasi shartlariga rozilik bildirish.
Maosh va ish sharoitlari qanday?
Ishga qabul qilinganlar oyiga $1200 dan $2000 gacha daromad olishlari mumkin. Qo‘shimcha ravishda ortiqcha ish soatlari uchun haq to‘lanadi va yiliga ikki marta bonus berilishi mumkin.
Ish smenali jadval asosida tashkil etiladi. Ish beruvchi turar joy bilan ta’minlaydi, biroq har oy taxminan $200 maoshdan ushlab qolinadi. Oziq-ovqat xarajatlari esa xodim zimmasida bo‘ladi.
Qanday xarajatlar qoplanadi?
Dastur ishtirokchilar uchun moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, quyidagi xarajatlar qoplanadi:
- Aviachipta: Yaponiyaga uchish xarajatlari to‘liq qoplanadi.
- Viza: Ish vizasini rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatiladi.
- Sug‘urta: Tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlanadi.
Qanday ariza topshirish mumkin?
Qiziqqan nomzodlar "Xorijda ish" platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Talablarga mos kelgan nomzodlar bilan Migratsiya agentligi vakillari bog‘lanadi.
Tayyorladi: Doniyor Tuxsinov
