AQSh prezidenti Donald Tramp 1-aprel kuni Oliy sudda bo‘lib o‘tgan muhim tinglovda shaxsan ishtirok etdi. Unda uning tug‘ilish orqali fuqarolikni cheklashga qaratilgan farmoni qonuniyligi muhokama qilindi. Ushbu hujjat Trampning immigratsiya siyosatidagi asosiy qarorlardan biri hisoblanadi, deya DV.com xabar beradi.
Farmon nimani nazarda tutadi?
Farmonga ko‘ra, agar bola AQSh hududida tug‘ilgan bo‘lsa-yu, lekin ota-onasi AQSh fuqarosi yoki “green card” egasi bo‘lmasa, unga avtomatik tarzda fuqarolik berilmaydi. Avvalroq quyi instansiya sudi ushbu farmonni to‘xtatib qo‘ygan edi.
Nega bu o‘zgarishlar taklif qilinmoqda?
AQSh ma’muriyati fikricha, amaldagi tizim noqonuniy immigratsiyani rag‘batlantiradi va “tug‘ilish turizmi”ga sabab bo‘ladi. Ya’ni ayrim xorijliklar bolalariga AQSh fuqaroligini olish uchun mamlakatga maxsus keladi.
Sud majlisi qanday o‘tdi?
Tramp sudga Oq uydan kortej bilan yetib keldi va zalning old qatoridan joy oldi. Sud boshlanishida barcha qatnashchilar bilan birga o‘rnidan turdi. Oliy sud raisi esa prezidentning ishtirokini alohida tilga olmadi va darhol tinglovni boshladi.
Sud binosi atrofidagi vaziyat qanday edi?
Oliy sud binosi tashqarisida Trampga qarshi namoyishchilar to‘plandi. Ichkarida esa xavfsizlik choralarining kuchaytirilgani kuzatildi.
Nega bu voqea tarixiy hisoblanadi?
Tarixchilar ta’kidlashicha, Tramp Oliy sud tinglovida shaxsan qatnashgan birinchi amaldagi AQSh prezidenti bo‘ldi. Oldingi prezidentlar sud jarayonlarida qatnashgan bo‘lsa-da, ular prezidentlik davrida emas edi.
Oliy sudning hozirgi tarkibi qanday?
Hozirgi kunda sudda konservativ ko‘pchilik 6:3 nisbatda ustunlik qiladi. Ularning uch nafari — Nil Gorsach, Brett Kavanaugh va Emi Koni Barrett — Tramp tomonidan tayinlangan bo‘lib, sudning umumiy yo‘nalishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
