AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelaga qarshi amalga oshirilgan harbiy zarbalardan va mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi ortidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Jonli efirda namoyish etilgan chiqishni 83 mingdan ortiq kishi tomosha qildi.
Trampning aytishicha, AQSh Venesuelani «xavfsiz, to‘g‘ri va puxta siyosiy o‘tish» ta’minlangunga qadar boshqaradi. U, shuningdek, Amerika neft kompaniyalari Venesuelaning energetika sektoriga kirishini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti harbiy amaliyot davomida birorta ham amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, zarurat tug‘ilsa, AQSh Venesuelaga qarshi ikkinchi va «ancha keng ko‘lamli» zarba berishga tayyor ekanini bildirdi.
Matbuot anjumani boshlanishidan biroz oldin Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Nikolas Maduro tasvirlangan, deb aytilayotgan suratni joylashtirdi. Rasmda u AQShning USS Iwo Jima harbiy kemasi bortida, ko‘zlari bog‘langan va quloq himoya vositalarida tasvirlangan.
Avvalroq Nyu-Yorkda Maduroga nisbatan giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy qurol saqlash bilan bog‘liq ayblovlar rasman e’lon qilingan. AQSh bosh prokurori uning “Amerika hududida va Amerika sudlarida AQSh adolatining to‘liq kuchiga duch kelishini” aytdi.
Venesuela hukumati mamlakatda favqulodda holat e’lon qilib, AQSh harakatlarini «o‘ta jiddiy harbiy agressiya» deb atadi. Mustaqil tekshiruvlar zarba berilgan hududlarni aniqlaganini ma’lum qilmoqda.
Tahlilchilar Trampning ushbu bayonotlariga e’tibor qaratib, u ilgari AQShning Iroqqa bostirib kirishini keskin tanqid qilgan bo‘lsa-da, hozir boshqa bir davlatni vaqtincha boshqarish niyatini ochiq bildirayotganini qayd etmoqda. Bu esa AQShning mintaqadagi siyosatida yangi bosqich boshlanishi mumkinligidan darak beradi.
