8-yanvar. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida Grenlandiya aholisiga bir martalik pul to‘lovlarini berish tashabbusi muhokama qilinmoqda. Ushbu reja hududni Daniya tarkibidan chiqishga undash va kelajakda AQSh fuqaroligini qabul qilish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Masaladan xabardor manbalarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Oq uyda ushbu yo‘nalishdagi muhokamalar sezilarli darajada jadallashgan. Jarayonda prezident maslahatchilari va yuqori lavozimli rasmiylar ishtirok etmoqda.
Hozircha tashabbusning aniq mexanizmlari va yakuniy miqdorlari belgilanmagan. Biroq ikki nafar manbaning bildirishicha, muhokamalar davomida har bir fuqaro uchun 10 000 dollardan 100 000 dollargacha bo‘lgan summalar ko‘rib chiqilgan. Manbalar ichki maslahatlashuvlar yopiq tarzda o‘tayotgani sababli anonim qolishni so‘ragan.
Moliyaviy rag‘batlantirish g‘oyasi Daniya va Grenlandiyaning qat’iy pozitsiyasi fonida ilgari surilmoqda. Har ikki tomon ham hudud sotilmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Yevropa yetakchilari esa Kopengagen va Nuukni qo‘llab-quvvatlashini ochiq bildirgan.
Manbalarning ta’kidlashicha, ushbu muhokamalar dastlabki bosqichda bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinganini anglatmaydi. Shunga qaramay, bunday tashabbuslarning ko‘rib chiqilishi AQShning Grenlandiyaga bo‘lgan strategik qiziqishi va mintaqaga nisbatan e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Material Reuters axborot agentligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
