AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolari uchun immiqratsion vizalar berilishi vaqtincha to‘xtatilganini rasman tasdiqladi. Mazkur xabar yangi cheklov joriy etilganini emas, balki allaqachon qabul qilingan qaror yuzasidan elchixona tomonidan berilgan rasmiy izoh hisoblanadi.
Immiqratsion vizalar qachondan to‘xtatilgan?
AQSh Davlat departamenti 2026-yil 21-yanvardan boshlab immiqratsion vizalar berilishini vaqtincha to‘xtatgan. Bu qaror AQSh hukumati bahosiga ko‘ra, ilgari davlat ijtimoiy yordam dasturlaridan ko‘p foydalangan muhojirlar kelgan davlatlarga nisbatan qo‘llanmoqda.
Elchining izohi nimani anglatadi?
Elchixona vakillari ushbu holat bo‘yicha bergan bayonotida vizalar berilishi to‘xtatilganini tasdiqladi, biroq bu jarayon hujjat topshirish yoki suhbatlardan o‘tishga ta’sir qilmasligini alohida qayd etdi. Ya’ni, elchi bayonoti — mavjud vaziyatga rasmiy izohdir.
“Green card” vizalari ham to‘xtatilganmi?
Ha. Immiqratsion vizalar toifasiga kiruvchi barcha vizalar, jumladan “green card” (doimiy yashash uchun beriladigan vizalar) ham hozircha berilmayapti. Bu holat oila asosidagi, ish orqali olinadigan hamda Diversity Visa (DV) lotereyasi orqali yutilgan vizalarga ham tegishli.
Ariza topshirish va suhbatlar davom etyaptimi?
Immiqratsion viza olishni rejalashtirgan fuqarolar hujjat topshirish va belgilangan sanalarda suhbatlardan o‘tishni davom ettirishlari mumkin. Davlat departamenti suhbatlarni rejalashtirish va o‘tkazish jarayonini to‘xtatmagan.
Nima sababdan vizalar berilmayapti?
AQSh hukumati mazkur to‘xtatishni immigratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqish va arizachilarni baholash mezonlarini yangilash bilan izohlamoqda. Yangi talablar tasdiqlanmaguncha, vizalar berilishi vaqtincha to‘xtatilgan.
“Green card” vizalari qachon qayta ochiladi?
Hozircha AQSh Davlat departamenti immiqratsion vizalar, jumladan “green card”lar qachon qayta berilishi bo‘yicha aniq sana e’lon qilmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vizalar faqat yangi baholash tartiblari yakunlangach va alohida e’lon berilgandan so‘ng qayta tiklanishi mumkin.
Avvalgi rasmiy bayonotlar bilan farq bormi?
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh vizalari odatdagi tartibda ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi. Elchixonaning hozirgi bayonoti esa aynan immiqratsion vizalar bo‘yicha mavjud cheklovlarga aniqlik kiritdi.
Material tayyorladi: Дониёр Тухсинов
