O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat xaridlari tizimida raqobat muhitini kuchaytirish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, 2030 yilgacha sohada to‘liq raqamlashtirish amalga oshiriladi hamda korrupsion xavflarni tubdan qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Farmonning eng muhim yangiliklaridan biri — sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini keng joriy etishdir. 2026 yil 1 martdan boshlab maxsus axborot portalida SI asosida ishlovchi elektron modul ishga tushiriladi. Ushbu modul tovarlar va xizmatlarning o‘rtacha bozor qiymatini avtomatik ravishda hisoblab beradi. Endilikda davlat buyurtmachilari boshlang‘ich narxni faqat ushbu modul orqali shakllantirishi shart bo‘ladi.
Yangi tizimda qat’iy nazorat mexanizmi joriy etiladi: agar xarid narxi SI aniqlagan bozor narxidan 10 foizdan ko‘p yuqori yoki 20 foizdan past bo‘lsa, bunday bitim “yuqori xavfli” deb belgilab qo‘yiladi va darhol rejadan tashqari tekshiruvga asos bo‘ladi.
Sohani rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga borib raqobat asosidagi xaridlar ulushi 80 foizga yetkazilishi, byudjet mablag‘laridan esa 25 trillion so‘m miqdorida tejashga erishilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2026 yildan boshlab xarid rejalari haqida avtomatik xabarnoma tizimi joriy etiladi. Shuningdek, mahsulotni mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar bilan uch yilgacha bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri offtake-shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilinadigan tovar va xizmatlarning qat’iy ro‘yxati bekor qilinadi. Bunday xaridlar endi, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, “takliflar so‘rovi” orqali raqobat asosida o‘tkaziladi.
Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan majburiy antikorrupsiya ekspertizasidan va raqobatga ta’sir bahosidan o‘tkaziladi.
Mas’uliyatni oshirish maqsadida 2026 yil martidan boshlab xarid komissiyalariga faqat tashkilot rahbarlari yoki ularning o‘rinbosarlari raislik qilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Xaridlardagi KPI” nomli ochiq raqamli reyting joriy etilib, har bir idoraning samaradorligi jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga esa 2026 yil o‘rtalariga qadar “e-anticor.uz” platformasini davlat xaridlari portali bilan integratsiya qilish vazifasi yuklatildi. Bu manfaatlar to‘qnashuvini masofadan turib avtomatik aniqlash imkonini beradi.
Menu
