“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Schlumberger (SLB) kompaniyasining Osiyo–Tinch okeani hududi bo‘yicha Prezidenti bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holatini ko‘rib chiqib, neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning borishi yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilinib, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, neft-gaz operatsiyalarining samaradorligini oshirish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar razvedka, ishlab chiqish va konlarni boshqarishning barcha bosqichlarida innovatsion yechimlarni tatbiq etishga qaratilgan strategik sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, Ustyurt mintaqasidagi konlarni kompleks boshqarishga yo‘naltirilgan “Konlarni boshqarish tizimi” (Field Management Application) loyihasi doirasida erishilgan natijalar atroflicha muhokama qilindi. Loyiha doirasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar qayd etilib, mavjud ishchi masalalar ko‘rib chiqildi hamda keyingi bosqichlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy qadamlar belgilab olindi.
Muzokaralar jarayonida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ va SLB kompaniyasi raqamli yechimlar, konlarni boshqarish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohalarida strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.