O‘zbekiston grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha blitz yo‘nalishidagi 2025 yilgi jahon chempionatida kumush medal sohibi bo‘ldi. Musobaqa Qatar poytaxti — Doha shahrida bo‘lib o‘tdi.
Final uchrashuvida Abdusattorov norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsenga qarshi bahs olib bordi. Keskin kechgan duel 2,5:1,5 hisobida Karlsen foydasiga yakunlandi.
Ushbu g‘alaba Magnus Karlsenga blitz bo‘yicha jahon chempioni unvonini taqdim etdi, Nodirbek Abdusattorov esa jahon vitse-chempioni sifatida musobaqani yakunladi.
Ayollar o‘rtasidagi blitz musobaqasida esa Qozog‘iston vakili Bibisara Asaubaeva jahon chempioni bo‘ldi.
Bu natija Abdusattorov uchun muvaffaqiyatli mavsumning mantiqiy davomi bo‘ldi. U dekabr oyining boshida nufuzli London Chess Classic 2025 turnirida 8 ta partiyadan 7 ochko jamg‘arib, musobaqa tugashiga bir tur qolganida g‘alabani muddatidan oldin ta’minlagan edi.
