Chorshanba kuni Eronning bir qator hududlarida hukumatga qarshi namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida zo‘ravon to‘qnashuvlar yuz berdi. Mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqiroz sabab boshlangan noroziliklar ketma-ket o‘n bir kundirki davom etib, deyarli butun hududni qamrab oldi.
Inqilobiy gvardiya bilan yaqin bo‘lgan yarim rasmiy Fars axborot agentligi janubi-g‘arbdagi Lordagon shahrida ikki nafar politsiya xodimi otib o‘ldirilganini ma’lum qildi. Agentlikka ko‘ra, hujum qurollangan shaxslar tomonidan, tartibsizliklarda ishtirok etgan guruh ichida amalga oshirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi keskin qarama-qarshiliklar aks etgan. Tasvirlarda o‘q ovozlari eshitiladi, shuningdek, kuch ishlatar tuzilmalar olomonga qarata o‘qotar qurol va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llayotgani, ayrim namoyishchilar esa tosh otayotgani ko‘rinadi.
AQShda joylashgan Human Rights Activist News Agency (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari Eronning barcha 31 viloyatidagi 111 shahar va aholi punktiga tarqalgan. Tashkilot kamida 34 nafar namoyishchi va to‘rt nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lganini, 2 200 ga yaqin kishi hibsga olinganini bildirgan.
BBC Persian xizmati 21 nafar halok bo‘lgan shaxsning o‘limi va shaxsini tasdiqlagan. Eron rasmiylari esa besh nafar xavfsizlik xodimining o‘limi haqida xabar bergan.
Noroziliklar 28-dekabr kuni Tehronda boshlandi. Savdogarlar AQSh dollariga nisbatan erkin bozorda riyol kursining navbatdagi keskin pasayishiga norozilik bildirib, ko‘chalarga chiqishdi. So‘nggi bir yil ichida milliy valyuta rekord darajada qadrsizlandi, inflyatsiya esa 40 foizga yetdi.
Yadro dasturi sabab joriy etilgan sanksiyalar, shuningdek, davlat boshqaruvidagi samarasizlik va korrupsiya mamlakat iqtisodiyotini yanada zaiflashtirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, universitet talabalari ham namoyishlarga qo‘shildi va harakatlar boshqa shaharlarga tez sur’atda yoyildi.
Ko‘plab hududlarda namoyishchilar Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyga qarshi shiorlar aytishdi, ayrim hollarda esa surgunda yashayotgan so‘nggi shohning o‘g‘li Rezo Pahlaviyga nisbatan qo‘llab-quvvatlov ifodalandi.
BBC Persian tomonidan tasdiqlangan videolarda Tehrondan shimoli-g‘arbda joylashgan Qazvin shahridagi namoyishlar ko‘rsatilgan bo‘lib, olomon “Diktatorga o‘lim” va “Shoh yashasin” kabi shiorlarni hayqirgan. Fors ko‘rfazi bo‘yidagi Bandar-Abbos port shahrida esa namoyishchilar “Politsiya, qo‘llab-quvvatla” deya murojaat qilgan, biroq keyinchalik tarqatib yuborilgan.
Mamlakat shimoli-sharqidagi muqaddas Mashhad shahrida namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashib, ularni chekinishga majbur qilgan. Yana bir videoda 1979-yilgi Islom inqilobi natijasida ag‘darilgan Pahlaviylar sulolasini qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar eshitiladi.
Kunning ikkinchi yarmida Iroq chegarasiga yaqin joylashgan Abadon shahrida ham yirik namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar “To‘plar, tanklar, mushakbozlik — mullalar yo‘qolsin” degan shiorlarni yangradi.
Kechga borib, g‘arbiy Aligudarz shahrida maydonga to‘plangan olomonga qarshi xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi. Namoyishchilar “Xalq qo‘zg‘oloni, yashasin!” deya shiorlar aytgan.
Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng ijroiya masalalar bo‘yicha vitse-prezident Muhammad Jafar Qempanah prezident Mas’ud Pezeshkian tinch namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatmaslik haqida topshiriq berganini bildirdi. U qurolli hujumchilar bilan tinch norozilarni farqlash zarurligini ta’kidladi.
Davlat OAVlari, shuningdek, yashash narxlarining oshishini yumshatish maqsadida 71 million fuqaroga oyiga taxminan 7 AQSh dollari miqdorida yangi nafaqa to‘lash boshlanganini xabar qildi.
Sud hokimiyati rahbari G‘ulomhossein Mohseni Ejei esa tartibsizliklarda ishtirok etganlar tezkor sud qilinishi va jazolanishi haqida ogohlantirdi.
Oliy rahbar Ali Xomanaiy avvalroq rasmiylarni namoyishchilar bilan muloqot qilishga chaqirgan, biroq tartibsizliklar uyushtirganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini aytgan edi. Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning tinch namoyishchilar o‘ldirilsa, aralashuv bo‘lishi mumkinligi haqidagi tahdidlari fonida yangradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, hozirgi noroziliklar qisqa fursatda siyosiy tus oldi va jamiyatdagi chuqur norozilik kayfiyatini aks ettirmoqda. Mutaxassislar namoyishlar kuchaysa, hukumatning javobi yanada keskin bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Ushbu voqealar 2022-yilda axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan Mahsa Amini vafotidan so‘ng yuz bergan noroziliklardan beri eng keng ko‘lamli chiqishlar hisoblanadi. O‘shanda huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, 550 dan ortiq kishi halok bo‘lgan va qariyb 20 ming odam hibsga olingan.

