NYT — AQSh harbiylari so‘nggi kunlarda AQSh prezidenti Donald Trampga Eronga nisbatan ehtimoliy harbiy zarbalar bo‘yicha bir nechta variantni taqdim etdi. Bu haqda The New York Times nashri AQShdagi bir qator manbalarga tayanib xabar berdi.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, prezidentga taqdim etilgan variantlar orasida Tehronda joylashgan harbiy bo‘lmagan, ya’ni fuqarolik obyektlariga zarba berish ehtimoli ham mavjud. Biroq aynan qaysi obyektlar nazarda tutilayotgani ochiqlanmagan.
Manbalarning aytishicha, Donald Tramp hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan, biroq «yangi harbiy zarbalarga ruxsat berish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda». Shu bilan birga, yuqori martabali harbiy amaldorlardan biri ehtimoliy hujumdan oldin mintaqadagi qo‘mondonliklarga Amerika pozitsiyalarini mustahkamlash va Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan javob zarbalariga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt zarurligini ta’kidlagan.
The Wall Street Journal ham Tramp ma’muriyati doirasida mazkur variantlar yuzasidan dastlabki muhokamalar o‘tkazilgani haqida yozdi. Nashr manbalaridan biriga ko‘ra, Eron harbiy obyektlariga keng ko‘lamli havo hujumi uyushtirish ssenariysi muhokama qilingan.
Shu bilan birga, boshqa bir manba hozircha aniq harakatlar rejasi bo‘yicha kelishuv yo‘qligini, AQSh harbiy texnikasi yoki askarlari zarba berish uchun yangi pozitsiyalarga ko‘chirilmaganini bildirgan.
Manbalar ushbu muhokamalarni odatiy harbiy rejalashtirish jarayonining bir qismi sifatida baholamoqda va bu holat Eronga hujum muqarrar ekanini anglatmasligini qayd etmoqda.
Oq uy mazkur masala yuzasidan berilgan savollarga javoban Donald Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotiga ishora qildi. Unda prezident shunday yozgan: «Eron erkinlik sari intilmoqda, ehtimol, hech qachon bo‘lmagandek. AQSh yordam berishga tayyor!»
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibaf esa AQSh tomonidan amalga oshiriladigan har qanday hujum Tehronning Isroilga va AQShning mintaqadagi harbiy bazalariga javob zarbalari berishiga olib kelishini aytdi. Bu bayonot Eron parlamentida deputatlar «Amerikaga o‘lim!» degan shiorlar bilan chiqish qilgan paytda yangradi.
Ma’lumot uchun, Eronda ommaviy namoyishlar o‘tgan yil dekabr oyining oxirida boshlangan. Unga milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi, yuqori inflyatsiya va og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgan. Inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlar davomida kamida 116 kishi halok bo‘lgan, 2 600 nafardan ortiq fuqaro qo‘lga olingan.
Donald Tramp bir necha bor Eron hukumati namoyishchilarni kuch bilan bostirishda davom etsa, AQSh «juda qattiq javob» berishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu quruqlikdagi harbiy amaliyot emas, balki «og‘riqli nuqtalarga kuchli va aniq zarbalar» bo‘lishi mumkin.
Manba: The New York Times, The Wall Street Journal, Associated Press (AP).
