Tezkor tadbirlar nima sababdan boshlandi?
Mamlakatda jinoyatchilik holatini barqarorlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 20-yanvardan boshlab Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida respublika miqyosida tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar yo‘lga qo‘yildi.
Gulistonda qanday noqonuniy faoliyat fosh etildi?
Guliston shahrida harakatlanayotgan “Gentra” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshiruv davomida 2002 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan haydovchining telefonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalariga oid ma’lumotlar aniqlandi. Tezkor surishtiruv natijasida u 2025 yil dekabr oyidan buyon Telegram’dagi kanallar orqali bir vaqtning o‘zida “kladmen” va “kimyogar” sifatida faoliyat yuritib kelgani hamda shaharda yashirin narkolaboratoriya tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu manzildan umumiy chakana qiymati qariyb 1,8 mlrd so‘m bo‘lgan 2 kg 787 g “Pregabalin”, 1900 dona kapsula ko‘rinishidagi “Pregabalin”, 150 dona va 1 litr “Tropikamid”, shuningdek ularni tayyorlashda foydalanilgan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida noqonuniy dori savdosi qanday to‘xtatildi?
DXX Toshkent viloyati boshqarmasi va viloyat IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 1983, 1988 va 1998 yillarda tug‘ilgan uch nafar shaxs 36 dona “Regapen” dorisini 3 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi. Ularning “Spark” avtomashinasidan qo‘shimcha ravishda 108 dona “Regapen” va 89 dona “Zardeks” dorilari topildi.
Tadbir davom ettirilib, Yunusobod tumanida ijaraga olingan xonadondan kelgusida sotish uchun saqlangan 7 784 dona “Regapen” va 200 dona “Zardeks” aniqlandi. Dastlabki surishtiruvda ushbu dorilarni Qo‘qon shahrida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan shaxs yetkazib bergani va u Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 5 000 dona “Zardeks”ni poytaxtga olib kelayotgan vaqtida qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.
Natijada jami 13 217 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Poytaxtda qanday uyushgan jinoyat fosh etildi?
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan tovlamachilik holati aniqlandi. 1995 yilda tug‘ilgan shaxs va uning to‘rt nafar sherigi ikki fuqaroni kaltaklab, tan jarohati yetkazish orqali 500 AQSh dollarini talon-toroj qilgan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Malika” savdo majmuasida qanday jinoyat sodir etilgan?
Toshkent shahrida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs “Malika” savdo majmuasida telefon savdosi bilan shug‘ullanib kelgan holda, bezorilik, tovlamachilik va zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan.
U tanish fuqaroga to‘lovni keyinroq qilish sharti bilan 4 dona “iPhone 17 Pro Max” telefonini bergan, kelishmovchilik sababli esa o‘tkir tig‘li buyum bilan jabrlanuvchining yuz va qorin qismiga bir necha marotaba zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qimorxona faoliyati qanday aniqlangan?
Toshkent viloyati Chinoz tumanida 1967 yilda tug‘ilgan shaxs yashash xonadonida 10 nafar fuqaro ishtirokida qimor o‘yinlarini tashkil qilgani fosh etildi. Tezkor tadbirlar davomida qimor uchun tikilgan jami 140 mln so‘m pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Qimorxona tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, qolgan ishtirokchilarga esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga muvofiq choralar ko‘rildi.
