O‘zbekistonda sudyalar muddatidan oldin ishdan olindi: Oliy sudyalar kengashi qarori va Akmal Shukurov ishi

Ikki sudya qasamyod va sudyalik etikasini buzgani uchun vakolatidan mahrum etildi, Akmal Shukurovni ozod qilgan sudyalarga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

❤️ 0 likes🗓 1/13/2026
O‘zbekistonda sudyalar muddatidan oldin ishdan olindi: Oliy sudyalar kengashi qarori va Akmal Shukurov ishi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudyalar kengashi matbuot xizmati ikki nafar amaldagi sudya faoliyati o‘rganib chiqilgani va tekshiruv natijalariga ko‘ra ularni sudyalik vakolatlaridan muddatidan oldin mahrum etish hamda lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.

Xususan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining tergov sudyasi M. Samandarov sudyalik qasamyodini buzgani uchun lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, Toshkent viloyat sudi sudyasi M. Ahmedov Sudyalik etikasi kodeksi talablariga rioya etmagani sababli ishdan olindi. Har ikki holatda ham sudyalar sudyalik vakolatlaridan muddatidan oldin mahrum etildi.

Oliy sudyalar kengashi ushbu qarorlarga aynan qanday holatlar asos bo‘lgani yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamadi.


Ayni paytda Bosh prokuratura Akmal Shukurov ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqqan sudyalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Tergov materiallariga ko‘ra, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova, shuningdek, Toshkent shahar sudi raisining sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov noqonuniy va adolatsiz sud ajrimi chiqarishda gumon qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Murodjon Mirzajonov o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, sud ishlariga aralashgan va sudyalarga qonunga xilof ravishda bosim o‘tkazgan. Natijada birinchi instansiya sudi tomonidan Akmal Shukurovga tayinlangan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgartirilib, ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Apellyatsiya instansiyasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, jazoni yengilroq turga almashtirgan va sudlanuvchi sud zalidan ozod etilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, mazkur qaror javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga zid bo‘lib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan.

Shu asosda Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan, apellyatsiyada ishni ko‘rgan sudyalarga nisbatan esa mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ularning barchasi ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilgan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi doirasida dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.


Akmal Shukurovning jinoyat ishi bir nechta epizoddan iborat bo‘lib, eng shov-shuvlisi joriy yil sentabr oyida Yakkasaroy tumanidagi The Tower mehmonxonasi oldida sodir bo‘lgan voqea hisoblanadi. Unda bir necha fuqarolar og‘ir tan jarohatlari olgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, Shukurov Boris Avakyanga kuchli zarba berib, uni koma holatiga tushirgan. Jabrlanuvchi shoshilinch jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Ayblanuvchi esa keyinchalik Qozog‘iston hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktabrdagi hukmi bilan Akmal Shukurov qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, firibgarlik va bezorilikda aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Biroq, 9 dekabr kuni Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi mazkur jazoni 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirib, uni darhol sud zalidan ozod qilgan. Ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalardan so‘ng, ish taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqilgan.

Qayta ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, Akmal Shukurovga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u yana qamoqqa olingan. Shu bilan birga, apellyatsiyada qaror chiqargan sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, ular lavozimidan ozod etilgan.

Manba: Kun.uz (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudyalar kengashi va Bosh prokuraturasining rasmiy ma’lumotlari asosida)

Telegram kanalimizga azo bo'ling

Tavsiya etilgan

O‘zbekistonda sudyalar muddatidan oldin ishdan olindi: Oliy sudyalar kengashi qarori va Akmal Shukurov ishi

Ikki sudya qasamyod va sudyalik etikasini buzgani uchun vakolatidan mahrum etildi, Akmal Shukurovni ozod qilgan sudyalarga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Invalid Date