3-yanvar kuni AQSh Venesuelaga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazdi. AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat hududidagi bir qator obyektlarga zarbalar berilganini va Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqilganini tasdiqladi.
AQSh rasmiylariga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasiga Nyu-Yorkda «narkoterrorizm», kokain kontrabandasi hamda noqonuniy qurol saqlash ayblovlari qo‘yilgan. Hozircha ular jamoatchilikka ko‘rsatilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Venesuelaning bir qator ittifoqchilari AQSh harakatlarini keskin qoraladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida bu voqeani «Venesuelaga qarshi qurolli agressiya» deb atadi va Moskva Venesuela xalqiga hamda mamlakat suverenitetini himoya qilishga qaratilgan siyosatga birdam ekanini bildirdi.
Rossiya TIV yana bir bayonotida prezident Maduro va uning rafiqasining «majburiy olib chiqilishi» masalasiga zudlik bilan aniqlik kiritishni talab qildi. Vazirlik bu holatni mustaqil davlat suverenitetiga qabul qilib bo‘lmaydigan tajovuz deb baholadi va xalqaro huquq normalariga murojaat qildi.
Shuningdek, Rossiyaning Karakasdagi elchixonasi Venesuela hukumati va mamlakatda bo‘lib turgan Rossiya fuqarolari bilan doimiy aloqada ekani, hozircha rossiyaliklar orasida jabrlanganlar yo‘qligi bildirildi.
Kuba va Eron ham AQSh harakatlarini qoraladi. Tehron bu hujumni Venesuelaning milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzish deb atab, BMT Xavfsizlik Kengashini vaziyatga aralashishga chaqirdi.
Venesuelaga qo‘shni Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro ijtimoiy tarmoqlarda mamlakati Venesuela va umuman Lotin Amerikasi suverenitetiga qarshi agressiyani rad etishini bildirdi. U chegaraga Kolumbiya xavfsizlik kuchlari joylashtirilganini va ehtimoliy qochqinlar oqimi uchun barcha resurslar ishga solinishini ma’lum qildi.
Petro keyinroq, ehtimol Venesuelada olingan, yonib turgan avtomobil videosini «tinch aholining qurbonlari» degan izoh bilan joylashtirdi.
Hozircha Braziliya rasmiylarining munosabati noma’lum. Yana bir qo‘shni davlat — Gayana prezidenti Irfaan Ali esa mamlakatda xavfsizlik rejasi ishga tushirilganini e’lon qildi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi.

