“Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning huquqiy asoslarini shakllantirish, shuningdek ushbu sohada vakolatli davlat organining vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonun normalariga muvofiq, sun’iy intellekt insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash hamda aniq vazifalarni bajarish orqali inson aqliy faoliyati natijalariga taqqoslanadigan xulosalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, insonning huquq va erkinliklariga daxldor yuridik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilishda faqat sun’iy intellekt asosida ishlaydigan axborot tizimlari tomonidan berilgan xulosalarga tayanishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilandi.
Qonunda, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish uchun javobgarlik nazarda tutildi.
Mazkur harakatlar ma’muriy huquqbuzarlik deb e’tirof etilib, huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan vositalarni musodara qilish bilan birga 50 baravardan 100 baravargacha bazaviy hisoblash miqdori (41 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorida jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
