AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani qo‘lga kiritish bo‘yicha “turli variantlar”ni, jumladan harbiy kuchdan foydalanish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Oq uy ma’lum qildi.
Oq uyning BBC’ga bildirgan bayonotiga ko‘ra, Daniyaga qarashli, biroq yarim avtonom hudud hisoblangan Grenlandiyani qo‘lga kiritish AQSh uchun “milliy xavfsizlik ustuvor vazifasi” sifatida baholanmoqda.
Ushbu bayonot Daniya Trampning Arktikadagi orol bo‘yicha da’volariga qarshi qat’iy pozitsiya bildirayotgan bir paytda, Yevropa yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatlagan qo‘shma bayonot e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib yangradi.
Dam olish kunlari Tramp AQSh Grenlandiyani xavfsizlik sabablariga ko‘ra “zarur” deb hisoblashini yana bir bor ta’kidladi. Bunga javoban Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh tomonidan har qanday hujum NATOning yakunlanishiga olib kelishini ogohlantirdi.
Oq uy seshanba kuni shunday dedi: “Prezident va uning jamoasi ushbu muhim tashqi siyosiy maqsadga erishish uchun turli variantlarni muhokama qilmoqda. Albatta, AQSh Qurolli Kuchlaridan foydalanish Bosh qo‘mondon vakolatiga kiradi.”
NATO — bu transatlantik harbiy ittifoq bo‘lib, unga a’zo davlatlar tashqi tajovuz yuz bergan taqdirda bir-birini himoya qilish majburiyatini olgan.
Seshanba kuni olti nafar yevropalik ittifoqchi davlat Daniyani ochiq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Grenlandiya uning xalqiga tegishli va u bilan bog‘liq munosabatlar masalasida faqat Daniya va Grenlandiya qaror qabul qilishi mumkin”, — deyiladi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya yetakchilarining qo‘shma bayonotida.
Yevropa yetakchilari Arktika xavfsizligi borasida AQSh bilan bir xil tashvishlarga ega ekanini ta’kidlab, bu masala NATO doirasida, jumladan AQSh bilan “jamoaviy” tarzda hal qilinishi lozimligini bildirdi.
Shuningdek, ular BMT Nizomining suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralarning daxlsizligi tamoyillariga amal qilishga chaqirdi.
Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nielsen qo‘shma bayonotni olqishlab, “hurmatga asoslangan muloqot”ga chaqirdi.
“Muloqot Grenlandiyaning maqomi xalqaro huquq va hududiy yaxlitlik tamoyiliga asoslanganini hurmat qilgan holda olib borilishi kerak”, — dedi Nielsen.
Grenlandiyaning kelajagi haqidagi bahslar AQShning Venesueladagi harbiy amaliyotidan so‘ng yana kun tartibiga chiqdi. Ushbu operatsiya davomida AQSh maxsus kuchlari prezident Nikolas Maduroni qo‘lga olib, uni giyohvandlik va qurol bilan bog‘liq ayblovlar yuzasidan Nyu-Yorkka olib ketgan.
Ushbu reyddan bir kun o‘tib, Trampning yuqori martabali maslahatchilaridan birining rafiqasi Keti Miller ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya AQSh bayrog‘i ranglarida tasvirlangan xaritani “SOON” (“Tez orada”) yozuvi bilan joylashtirdi.
Dushanba kuni uning turmush o‘rtog‘i Stiven Miller AQSh hukumatining “rasmiy pozitsiyasi Grenlandiya AQSh tarkibiga kirishi kerakligi” ekanini aytdi.
CNN telekanaliga bergan intervyusida AQSh Grenlandiyani kuch bilan anneksiya qilish ehtimolini istisno qiladimi, degan savolga Miller: “Grenlandiyaning kelajagi uchun AQSh bilan hech kim urushmaydi”, — deya javob berdi.
Reuters agentligiga anonim tarzda izoh bergan AQShning yuqori martabali rasmiysi Vashington Grenlandiyani to‘liq sotib olish yoki hudud bilan Erkin Assotsiatsiya Pakti tuzish variantlarini ko‘rib chiqayotganini bildirdi.
Bunga javoban AQSh Davlat departamenti vakili seshanba kuni BBC’ga AQSh “amerikaliklar va Grenlandiya xalqi manfaatlariga xizmat qiladigan uzoq muddatli savdo aloqalarini rivojlantirishga intilayotganini” aytdi.
“Umumiy raqiblarimiz Arktikada tobora faol bo‘lib bormoqda. Bu AQSh, Daniya qirolligi va NATO ittifoqchilari uchun umumiy tashvishdir”, — dedi vakil.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ham dushanba kuni Kongressda o‘tkazilgan yopiq brifingda Tramp ma’muriyati Grenlandiyani bosib olishni rejalashtirmayotganini, biroq Daniyadan sotib olish masalasi tilga olinganini Wall Street Journal nashri xabar qildi.
Grenlandiya va Daniya ushbu da’volarni muhokama qilish uchun Rubio bilan tezkor uchrashuv so‘raganini ma’lum qildi.
Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQShning oliy diplomati bilan suhbat “muayyan tushunmovchiliklarni bartaraf etishiga” umid bildirdi.
Missuri shtatidan respublikachi senator Erik Shmitt seshanba kuni BBC bilan suhbatda milliy xavfsizlik masalasiga urg‘u berdi.
“Hozircha ular faqat muzokaralar olib bormoqda”, — dedi u. “Umid qilamanki, Yevropa kuchli AQSh G‘arb sivilizatsiyasi uchun foydali ekanini tushunadi.”
Tramp Grenlandiyani AQShning Arktikadagi strategik markazi sifatida qo‘lga kiritish g‘oyasini ilk bor 2019 yilda, prezidentlikdagi birinchi muddati davomida ilgari surib, buni “katta ko‘chmas mulk bitimi”ga qiyoslagan edi.
Rossiya va Xitoyning orolga bo‘lgan qiziqishi ortib borar ekan, muzliklarning erishi yangi savdo yo‘llari va o‘zlashtirilmagan nodir yer osti boyliklariga kirish imkoniyatini oshirmoqda.
Mart oyida Tramp AQSh hudud ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun “qancha kerak bo‘lsa, shuncha uzoqqa borishini” aytgan.
O‘tgan yozda Kongressdagi eshituvlar chog‘ida Mudofaa vaziri Pit Hegsethdan Pentagon Grenlandiyani zarurat tug‘ilganda kuch bilan egallash rejalariga egami, deb so‘ralganda, u “har qanday ehtimol uchun rejalar mavjud” deya javob bergan.
Aholisi taxminan 57 ming kishini tashkil etuvchi Grenlandiya 1979 yildan buyon keng miqyosdagi o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘lib, mudofaa va tashqi siyosat masalalari hanuz Daniya vakolatida qolmoqda.
Grenlandiyaliklarning aksariyati Daniyadan mustaqillikka intilsa-da, so‘rovlar AQSh tarkibiga qo‘shilish g‘oyasiga keskin qarshi ekanini ko‘rsatadi. AQSh allaqachon orolda harbiy bazaga ega.
G‘arbiy Grenlandiyaning Ilulissat shahrida yashovchi 27 yoshli inuit Morgan Angaju BBC’ga dunyoning “erkinlik yetakchisi” Daniya va Grenlandiya haqida masxara bilan gapirayotganini eshitish “qo‘rqinchli” ekanini aytdi.
“Biz allaqachon Grenlandiya xalqiga tegishlimiz. Kalaallit Nunaat — bu grenlandiyaliklar yurti degani”, — dedi u.
Angaju so‘zlariga ko‘ra, u bundan keyin nima bo‘lishidan xavotirda: Grenlandiya bosh vaziri Maduroning taqdiriga duch kelmasmikan yoki AQSh mamlakatni bosib kirarmikan, degan savollar uni tashvishga solmoqda.

