AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarning 66 ta xalqaro tashkilotdagi a’zoligini to‘xtatish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Oq uy 7-yanvar, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Hujjatga ko‘ra, AQSh Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimiga kiruvchi 31 ta tashkilotdan, shuningdek, BMTga aloqador bo‘lmagan 35 ta xalqaro tuzilmalardan chiqmoqda. Prezident administratsiyasi ushbu tashkilotlar endi AQSh manfaatlariga xizmat qilmasligini ta’kidladi.
Oq uy rasmiy saytida e’lon qilingan to‘liq ro‘yxatga ko‘ra, tark etilayotgan tuzilmalar qatorida ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini oldini olish maqsadida tashkil etilgan Ukraina ilmiy-texnologik markazi, Venetsiya komissiyasi, BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili idorasi, BMT Demokratiya jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar mavjud.
AQSh davlat kotibi Marko Rubioning bayonotida qayd etilishicha, Donald Tramp ma’muriyati ushbu tashkilotlarni “isrofgarchilikka yo‘l qo‘yuvchi, samarasiz va zararli” deb baholagan. Shuningdek, ularning ayrimlari yomon boshqarilayotgan, takroriy vazifalarni bajaruvchi yoki AQShning davlat suvereniteti, erkinliklari va umumiy farovonligiga tahdid soluvchi tuzilmalar sifatida ko‘rilmoqda.
Oq uyda ta’kidlanishicha, ushbu qaror AQShning xalqaro majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqish va tashqi siyosatni milliy manfaatlarga to‘liq mos keladigan hamkorlik shakllariga yo‘naltirishga qaratilgan.
