24 mart kuni Jizzax viloyati Forish tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi maydonida muhim bosqich — dastlabki beton quyish ishlari rasman boshlandi. Shu kuni loyiha doirasida Rossiya bilan hamkorlikda yangi hujjatlar ham imzolandi. Bu haqda “O‘zatom” matbuot xizmati xabar berdi.
Qanday hujjatlar imzolandi?
“O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘rtasida atom energetikasi va unga aloqador sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Shuningdek, O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma doirasidagi kelishuv ham tasdiqlandi.
Hujjatlarga “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov imzo chekdi. “Yo‘l xaritasi” loyihani amalga oshirish bosqichlari, mutaxassislar tayyorlash, jamoatchilikni xabardor qilish hamda kelajakdagi atomchilar shaharchasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Stansiya qanday konfiguratsiyada bo‘ladi?
Yangilangan loyiha asosida 3+ avlodga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok hamda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktorli yana ikkita energoblok qurilishi rejalashtirilgan.
To‘liq quvvat bilan ishlay boshlaganidan so‘ng, stansiya yiliga taxminan 15,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa mamlakat umumiy elektr iste’molining 15 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.
Birinchi beton quyish nimani anglatadi?
Forish tumanidagi qurilish maydonida kichik quvvatli atom elektr stansiyasining RITM-200N reaktori uchun dastlabki beton quyish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda AЭС qurilishi direksiyasi rahbari Abdijamil Qalmuратov hamda “Atomstroyeksport” vitse-prezidenti Pavel Bezrukov ishtirok etdi.
Hozirda reaktor binosi uchun beton asos tayyorlanmoqda. Ushbu bosqichni 2026 yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, jami 900 kub metrga yaqin beton quyiladi. Natijada gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega mustahkam poydevor tayyorlanadi.
Qurilish uchun ruxsat berildimi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ushbu hududda ikkita energoblok joylashtirish uchun rasmiy ruxsatnoma berdi.
Ekspertiza natijalariga ko‘ra, hududda faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmik xavf yoki karst jarayonlari kabi qurilishga to‘sqinlik qiluvchi omillar aniqlanmagan. Maydon yadro va radiatsion xavfsizlik, ekologik talablar hamda texnik standartlarga to‘liq mos deb topilgan.
Bu loyiha nima uchun muhim?
“O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayevning ta’kidlashicha, ushbu loyiha O‘zbekistonning energetik mustaqilligini ta’minlash va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun muhim ahamiyatga ega.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari qat’iy jadval asosida va eng yuqori xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda olib borilmoqda — beton ishlardan boshlab, reaktor qurilishi, uskunalar o‘rnatilishi va energobloklarni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar izchil amalga oshiriladi.
