O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husonov “Manchester Siti” safida mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada u jamoadoshlari Rodri va Jeremi Dokudan ustun kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu Husonov uchun nechanchi sovrin?
Husonov ushbu sovrinni ikkinchi bor qo‘lga kiritmoqda. U avvalroq ham jamoaning yanvar oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilgan edi.
Mart oyidagi natijalari qanday bo‘ldi?
O‘tgan oy davomida himoyachi barcha musobaqalarda 6 ta o‘yinda maydonga tushdi va ulardan 5 tasini asosiy tarkibda boshladi. Bu uning jamoa uchun muhim futbolchilardan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
U qanday sovrinni qo‘lga kiritdi?
22 mart kuni Husonov Angliya Liga Kubogi finalida “Arsenal”ga qarshi o‘yinda to‘liq 90 daqiqa harakat qilib, jamoasi bilan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa u Angliyadagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi.
U “Manchester Siti”ga qachon qo‘shilgan?
Abduqodir Husonov 2025 yil yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti” safiga kelib qo‘shilgan. Qisqa vaqt ichida u bosh murabbiy Pep Gvardiola ishonchini qozonib, asosiy himoyachilardan biriga aylandi.
