Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashadigan jamoalar o‘rtasida jami 727 million dollar taqsimlanadi. Ushbu ko‘rsatkich 2022 yilda Qatarda o‘tkazilgan mundial bilan solishtirganda 50 foizga ko‘p bo‘lib, Jahon chempionatlari tarixidagi eng yirik mukofot jamg‘armasi hisoblanadi. To‘lovlar jamoalarning musobaqadagi natijalariga qarab belgilanadi.
Ingliz sport jurnalisti Ben Jeykobsning xabar berishicha, mazkur qaror FIFA Kengashi tomonidan kengaytirilgan formatdagi turnir uchun rekord moliyaviy paket doirasida ma’qullangan. Barcha ishtirokchi terma jamoalarga musobaqaga tayyorgarlik uchun 1,5 million dollar miqdorida bazaviy to‘lov ajratiladi. 33–48-o‘rinlarni egallagan jamoalar esa qo‘shimcha ravishda 9 million dollar mukofot puli oladi.
Shu tariqa, turnirda qatnashadigan har bir terma jamoa, jumladan O‘zbekiston ham, kamida 10,5 million dollar miqdoridagi daromadni kafolatlaydi. Musobaqa bosqichlarida yuqorilagan sari mukofot pullari sezilarli darajada oshib boradi.
17–32-o‘rinlarni egallagan jamoalar 11 million dollar, 9–16-o‘rinlar uchun 15 million dollar, chorak finalga chiqqan (5–8-o‘rinlar) jamoalar esa 19 million dollar oladi. To‘rtinchi o‘rin sohibiga 27 million dollar, uchinchi o‘ringa 29 million dollar, finalchi jamoaga 33 million dollar to‘lanadi. Jahon chempioni esa 50 million dollar mukofotga ega bo‘ladi.
2026 yilgi FIFA Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichida 17 iyun kuni Kolumbiyaga, 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi hamda 27 iyun kuni saralash bosqichidan yo‘llanma oladigan jamoalardan biri — Kongo DR, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya bilan bahs olib boradi.
