Navoiy viloyatida dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Chaqalog‘ining yig‘isidan jahli chiqqan erkak uni “tinchlantirish” uchun o‘ta shafqatsiz va xavfli usulni qo‘llagan. U o‘z o‘g‘lining og‘ziga paypoq tiqib qo‘ygan.
Natijada begona jism bolaning nafas yo‘llarini to‘liq to‘sib qo‘ydi. Kislorod yetishmasligi sabab chaqaloqda og‘ir nafas yetishmovchiligi rivojlandi. Bola ko‘kara boshlagan va hushini yo‘qotgan.
Besh oylik go‘dak tibbiyot muassasasiga klinik o‘lim holatida olib kelingan. Reanimatsiya bo‘limi shifokorlari besh kun davomida bolaning hayotini saqlab qolish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, chaqaloqning yuragi to‘xtagan.
Mahalla vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi ikkinchi nikohda yashab kelgan. Hozirda erkak qamoqqa olingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi — qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish — bilan malakalagan. Mazkur ish yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
