Qaysi hududlarda qidiruv ishlari boshlandi?
Uzbek Overseas Geology Company Afg‘onistonning Muhammad–Jandagar, Shamar va Ahmadobod bloklarida geologik-qidiruv ishlarini boshladi. Loyiha doirasida uglevodorod zaxiralari bilan bir qatorda temir va mis konlarini aniqlash rejalashtirilgan.
Ishlarning boshlanish marosimida Balx viloyati iqtisodiy masalalar bo‘yicha hokim o‘rinbosari Mavlaviy Nurul Hadi Abu Idris hamda kompaniya bosh direktori Xayitboy Omonov ishtirok etdi. Kompaniya Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralardan so‘ng tegishli litsenziyani olgan.
Hamkorlik qanday asosda amalga oshirilmoqda?
Mazkur loyiha O‘zbekiston Konchilik va geologiya sanoati vazirligi hamda Afg‘oniston Konlar va neft vazirligi o‘rtasida avval imzolangan hamkorlik bitimi asosida amalga oshirilmoqda.
Tomonlar geologiya va konchilik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirgan.
Kompaniya haqida nimalar ma’lum?
Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Uzbek Overseas Geology Company 2025 yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav kapitali 12,97 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Korxona boshqa toifalarga kiritilmagan konchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar — “O‘zbek geologiya-qidiruv” AJ va “O‘zbekgeofizika” bo‘lib, har biri 50 foizlik ulushga ega.
O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘oniston energetika sektorida
So‘nggi yillarda O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘onistonning uglevodorod sektoriga qiziqish bildirmoqda. 2024 yil may oyida bir nechta o‘zbek kompaniyalari, jumladan Eriell Group, Afg‘onistonda neft qazib olish loyihalarini o‘rganib chiqqan.
2024 yil oktyabr oyida Afg‘oniston Konlar va neft vazirligi hamda nomi oshkor etilmagan o‘zbek kompaniyasi Jowzjan viloyatidagi Toti-Maidan konida gaz qidirish va qazib olish bo‘yicha 10 yillik shartnoma imzolagan. Marosimda o‘sha paytdagi “O‘zbekneftgaz” rahbari Bahodirjon Sidiqov ishtirok etgan.
Kelishuvga ko‘ra, investor birinchi yilda 100 mln dollar, 10 yil davomida esa taxminan 1 mlrd dollar investitsiya kiritishi rejalashtirilgan. Dastlabki ikki yil ichida qazib olingan gaz hisobidan 100 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Yaqin istiqboldagi rejalar qanday?
2025 yil fevral oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘zbek investorlarining Afg‘oniston bilan neft-gaz qidiruvi va qazib olish sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan. Shuningdek, sanoat yo‘nalishida, jumladan Samangan viloyatida sement zavodi qurish bo‘yicha investitsiya rejalari borligi aytilgan.
U Toti-Maidan gaz konini o‘zlashtirishda sezilarli siljish borligini va yaqin vaqt ichida ishlab chiqarish bosqichi boshlanishi kutilayotganini ta’kidlagan.
