Ustyurt mintaqasida, “Mo‘ynoq” koni yaqinida joylashgan Shagirlik – quyi yura 2-sonli izlov qudug‘ida yuqori bosimli tabiiy gazning sanoat ahamiyatiga ega oqimi aniqlandi. Ushbu natija hududning yuqori uglevodorod salohiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Mazkur maydon Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tasarrufidagi “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” DM tomonidan o‘tkazilgan 3D seysmik qidiruv ishlari ma’lumotlari asosida chuqur izlov burg‘ilashga tayyorlangan.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur quduq Jamiyat va uning tarkibida faoliyat yuritayotgan Loyiha boshqaruv ofisining malakali mutaxassislari tomonidan burg‘ilangan. Ushbu ofis davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, xorijiy yetakchi neft-gaz kompaniyalarida tajriba orttirgan mutaxassislardan shakllantirilgan.
2026 yil 10 yanvar kuni quduq 5265 metr chuqurlikkacha burg‘ilanib, 5061–5265 metr oralig‘idagi quyi yura qatlamlarida barqaror tabiiy gaz uyumlari aniqlangan. Gaz oqimi yuqori bosimi bilan ajralib turadi.
Quyi yura qatlamlarining geologik tuzilishini yanada chuqurroq o‘rganish hamda aniqlangan gaz uyumlarining tarqalish chegaralarini belgilash maqsadida ushbu hududda 3 va 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilmoqda.
Manba: Ustyurt mintaqasida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar.
