Saudiya Arabistoni, Qatar va Ummon AQSh prezidenti Donald Trampni Eronga qarshi harbiy zarbadan voz kechishga va Tehronga vaziyatni yumshatish imkoniyatini berishga ko‘ndirish maqsadida favqulodda diplomatik tashabbusni boshqargan. Bu haqda payshanba kuni AFP agentligiga yuqori martabali saudiyalik amaldor anonimlik sharti bilan ma’lum qildi. Ushbu ma’lumotni Fors ko‘rfazidagi yana bir rasmiy manba ham tasdiqladi.
Manbaga ko‘ra, uch davlat “so‘nggi daqiqalardagi uzoq va nihoyatda keskin diplomatik muzokaralarni” olib borgan. Ularning asosiy maqsadi — Eronga hujum mintaqada nazoratdan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan keskin oqibatlarga olib kelishining oldini olish bo‘lgan.
Vaziyat keskinlashgan bir paytda, chorshanba kuni Qatardagi Al-Udeyd AQSh harbiy aviabazasidan ayrim xodimlar vaqtincha olib chiqildi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni va Kuvaytdagi AQSh diplomatik vakolatxonalari xodimlariga ehtiyot choralarini kuchaytirish tavsiya etildi.
Qo‘shma Shtatlar Eron hukumati tomonidan namoyishchilarga nisbatan olib borilayotgan qattiq choralar sababli bir necha bor aralashuv ehtimolini tilga olgan edi. Tehron esa, o‘z navbatida, ehtimoliy hujumga javoban AQShning harbiy obyektlari va dengizdagi tashish yo‘llariga zarba berishini bildirgan. AQShning ko‘plab harbiy bazalari aynan Fors ko‘rfazi hududida joylashgan.
Ikki nafar diplomatik manbaning AFPga bildirishicha, payshanba kuni Al-Udeyd bazasidagi xavf darajasi pasaytirilgan. Chorshanba kuni ketgan ayrim harbiy va texnik xodimlar asta-sekin qayta ish joylariga qayta boshlagan, samolyotlar esa avvalgi joylashuv holatiga qaytarilgan.
Bir necha bor keskin bayonotlar berganidan so‘ng, Donald Tramp o‘z pozitsiyasini yumshatib, “qarama-qarshi tomondagi juda muhim manbalar”dan Eron namoyishchilarni qatl etmasligi bo‘yicha kafolatlar olganini aytdi.
Saudiyalik rasmiyga ko‘ra, diplomatik sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi “mintaqada boshqarib bo‘lmaydigan vaziyat yuzaga kelishining oldini olish” bo‘lgan. Fors ko‘rfazi davlatlari Vashingtonga Eronga qarshi harbiy hujum butun mintaqa bo‘ylab jiddiy va zanjirli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini aniq yetkazgan.
“Bu mintaqadagi bir nechta potensial portlash nuqtalarini bartaraf etishga qaratilgan uyqusiz tun bo‘ldi”, — dedi manba va tomonlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash hamda ijobiy muhitni saqlab qolish uchun muloqotlar davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
Fors ko‘rfazidagi ikkinchi rasmiy manbaning aytishicha, Eronga aniq signal yuborilgan: AQShning mintaqadagi obyektlariga qilingan har qanday hujum qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
