Surxondaryo viloyatida yuzlab fuqarolar “Surkhan autocenter” MChJ tomonidan tashkil etilgan firibgarlik sxemasining qurboniga aylandi. Termiz shahrida faoliyat yuritgan avtosalon rahbariyati avtomashinalarni foizsiz va besh yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni va’da qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, avtosalon 2024 yil 4 yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Uning yagona ta’sischisi va rahbari Akmal To‘rayev Ahmad o‘g‘li hisoblanadi. Korxona ijtimoiy tarmoqlarda avtomashinalarni oson va qulay shartlarda sotib olish bo‘yicha faol reklama olib borgan. Aynan foizsiz bo‘lib to‘lash taklifi ko‘plab mijozlarni jalb qilgan.
Biroq belgilangan muddatlarda avtomashinalar xaridorlarga yetkazib berilmagan. Mijozlar murojaat qilganida turli bahonalar keltirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtosalon rahbariyati 200 nafarga yaqin fuqaroni aldab, qariyb 10 mlrd so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Jabrlanuvchilardan biri ikki dona avtomashina — Labo va Cobalt uchun jami 154 mln so‘m to‘lov qilganini bildirgan. Mashinalar avgust va sentabr oylarida topshirilishi kerak bo‘lgan, ammo bu amalga oshmagan. Keyinchalik “foizsiz bo‘lib to‘lash” amalda bank orqali yillik 26 foiz stavkada kredit sifatida rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Shuningdek, avtosalon xodimlari ayrim fuqarolarning eski avtomashinalarini yangi mashina olib berish bahonasida qabul qilib olgan. Keyinchalik ushbu avtomashinalar uchinchi shaxslarga sotib yuborilgan, biroq pul mablag‘lari egalariga qaytarilmagan.
Jabrlanuvchi Abdug‘affor Turdiyevning aytishicha, u Nexia avtomashinasini avtosalonga topshirib, Cobalt olishga kelishib olgan. Ishonchnoma deb imzo qo‘ydirilgan hujjatlar orqali uning avtomashinasi boshqa shaxsga sotib yuborilgan. Natijada u ham o‘z mashinasidan, ham va’da qilingan yangi avtomashinadan mahrum bo‘lgan.
Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, avtosalonda Akmal To‘rayevning turmush o‘rtog‘i va yaqin qarindoshlari ham faoliyat yuritgan. Avtomashinalar uchun to‘lovlar asosan naqd pul ko‘rinishida avtosalon ofisida qabul qilingan.
Surxondaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Akmal To‘rayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi — juda ko‘p miqdorda firibgarlik sodir etish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida mijozlardan olingan mablag‘lar shaxsiy manfaatlar yo‘lida ishlatilgani aniqlangan.
2026 yil 10 yanvar kuni gumonlanuvchiga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, 12 yanvar kuni esa u qo‘lga olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ham “Surkhan autocenter” MChJ faoliyatidan jabrlangan fuqarolar ariza bilan murojaat qilishda davom etmoqda. Shu sababli jabrlanuvchilar soni va yetkazilgan zarar miqdori yana ortishi mumkin.


