Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadzani 2025 yil yakunlariga ko‘ra dunyoning eng kuchli milliy terma jamoa murabbiylari o‘ntaligiga kiritdi.
IFFHS tomonidan e’lon qilingan yil yakunlari reytingida Timur Kapadze 10 ochko jamg‘argan holda sakkizinchi o‘rinni egalladi.
Reytingda birinchi o‘rin Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuentega nasib etdi. Ikkinchi pog‘onani Portugaliya terma jamoasi ustozi Roberto Martines egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rinda Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni qayd etildi. Kuchli o‘ntalikka, shuningdek, Norvegiya, Angliya, Fransiya, Marokash va Meksika terma jamoalari murabbiylari ham kiritildi.
Timur Kapadze murabbiylik faoliyatini 2018 yilda O‘zbekiston terma jamoasi vaqtincha bosh murabbiyi sifatida boshlagan. Keyinchalik u Toshkentning «Lokomotiv» klubida murabbiylar shtabi tarkibida faoliyat yuritib, jamoaning yoshlar tarkibini ham boshqargan. 2019 yilda esa milliy terma jamoa bosh murabbiyining yordamchisi etib tayinlangan.
2025 yilning yanvaridan noyabr oyigacha Timur Kapadze O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qildi. Ayni paytda u Namangan shahrining «Navbahor» futbol klubini boshqarib kelmoqda.
