AQSh prezidenti Donald J. Tramp bayonot bilan chiqib, Qo‘shma Shtatlar ko‘p yillar davomida Daniya, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqa mamlakatlarni tariflar yoki boshqa to‘lovlarni undirmagan holda amalda subsidiyalab kelganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda vaziyat o‘zgardi, chunki masala global tinchlik va xavfsizlik bilan bevosita bog‘liq.
Tramp Xitoy va Rossiya Grenlandiyaga qiziqish bildirayotganini aytib, Daniya bu hududni real darajada himoya qila olmayotganini bildirdi. U Grenlandiyaning hozirgi himoyasi atigi ikki dona it aravasi bilan cheklanayotganini, ulardan biri yaqinda qo‘shilganini misol qilib keltirdi. Prezident fikricha, bu strategik hududni samarali himoya qilishga faqat AQSh qodir.
Bayonotda Grenlandiya nafaqat AQSh milliy xavfsizligi, balki butun dunyo xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Tramp, shuningdek, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiya vakillari Grenlandiyaga noma’lum maqsadlarda tashrif buyurganidan xavotir bildirdi.
Prezidentning baholashicha, ushbu davlatlarning harakatlari barqaror bo‘lmagan va uzoq muddatda qabul qilib bo‘lmaydigan xavf darajasini yuzaga keltirgan. Shu sababli, global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
E’lon qilingan qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiyadan AQShga olib kiriladigan barcha tovarlarga 10% tarif joriy etiladi. 2026-yil 1-iyundan esa ushbu tarif 25% ga oshiriladi. Bu choralar Grenlandiyani to‘liq va yakuniy sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha amal qiladi.
Trampning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani sotib olishga qariyb 150 yildan buyon urinib kelmoqda. Ko‘plab prezidentlar bu masalani muhokama qilgan, biroq Daniya har safar rad javobini bergan. Hozirgi davrda, zamonaviy hujum va mudofaa tizimlari, jumladan “Oltin gumbaz” loyihasi fonida, bu hududni qo‘lga kiritish ehtiyoji yanada ortgan.
Prezident yuzlab milliard dollarlar “Gumbaz” bilan bog‘liq xavfsizlik dasturlariga, jumladan Kanadani himoya qilish ehtimoliga yo‘naltirilayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu murakkab tizim maksimal samaradorlik bilan ishlashi uchun geografik burchaklar, masofalar va chegaralar muhim bo‘lib, Grenlandiyaning kiritilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bayonot yakunida Donald Tramp AQSh Daniya va xavf ostiga qo‘yilgan vaziyatga aloqador boshqa davlatlar bilan darhol muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. U ko‘p o‘n yilliklar davomida AQSh tomonidan ko‘rsatilgan himoya va qo‘llab-quvvatlashni eslatib, qat’iy choralar butun dunyo xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ekanini ta’kidladi.
