O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash hamda mavjud mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy maktub kelib tushdi.
Maktubda qayd etilishicha, mazkur tashabbus 2025-yil 29-sentabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, u bir qator jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.
Tashabbus doirasida uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtiruvchi yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Donald Tramp tomonidan yo‘llangan maktubda O‘zbekiston Respublikasiga ushbu Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklifi bildirildi. Taklif O‘zbekistonning mintaqaviy va global tinchlikni ta’minlash borasidagi izchil siyosatiga yuqori baho sifatida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari AQSh Prezidentiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida mazkur tashabbusni Yaqin Sharq mintaqasida ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan nizolarni bartaraf etish, keng hududda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim xalqaro qadam sifatida baholadi.
