Nima uchun Fransiya bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni tezlashtirmoqda?
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni tezkor tarzda qabul qilish niyatida ekanini bildirdi. Maqsad — ushbu cheklovni sentabr oyida yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin kuchga kiritish.
Makronning ta’kidlashicha, bolalar va o‘smirlarning ongi hamda hissiyotlari savdo predmeti bo‘lishi yoki xorijiy algoritmlar orqali boshqarilishi mumkin emas. Shuningdek, u litseylarda mobil telefonlardan foydalanishni ham taqiqlash rejalashtirilayotganini aytdi.
Tashabbusni kim ilgari surmoqda va qanday o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan?
Ushbu qonun loyihasiga Makronning “Renaissance” partiyasidan deputat Lora Miller rahbarlik qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda yoshni real tekshirish mexanizmi deyarli yo‘q — foydalanuvchilar istalgan tug‘ilgan sanani kiritib, platformalarga kirishlari mumkin.
Fransiya Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA)ni qat’iy tatbiq etib, ijtimoiy tarmoqlardan haqiqiy yoshni tasdiqlash tizimini joriy etishni talab qilmoqchi. Bu foydalanuvchilardan 15 yoshdan katta yoki kichikligini isbotlashni talab qiladi.
Miller cheklovlarni aylanib o‘tish yo‘llari har doim bo‘lishini tan olgan holda, baribir voyaga yetmaganlarni himoya qilish yo‘lida qat’iy qadam tashlash zarurligini ta’kidladi.
Bu qaror global tendensiyaga qanday mos keladi?
Fransiyaning bu tashabbusi boshqa G‘arb davlatlaridagi o‘xshash choralar fonida paydo bo‘ldi. 2024-yil dekabrida Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyodagi ilk davlatga aylandi.
Buyuk Britaniya hukumati ham bolalarni internetdagi zararli ta’sirlardan himoyalash uchun shunga o‘xshash cheklovlarni joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Avstraliyada taqiq kuchga kirgach nimalar yuz berdi?
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanizning aytishicha, qonun kuchga kirganidan so‘ng 16 yoshgacha bo‘lganlarga tegishli deb topilgan 4,7 milliondan ortiq akkauntlar o‘chirib tashlangan yoki bloklangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat bu qarorni bolalarga yetayotgan ijtimoiy zararlar va ota-onalar hamda yoshlarning murojaatlariga javoban qabul qilgan.
Taqiqdan bir kun oldin Albaniz o‘smirlarga murojaat qilib, sport bilan shug‘ullanish, musiqa o‘rganish yoki kitob o‘qishga ko‘proq vaqt ajratishga chaqirgan.
Avstraliyada qaysi platformalar taqiq ostida?
Cheklov TikTok, X, Facebook, Instagram, YouTube, Snapchat, Threads, Reddit, shuningdek Kick va Twitch kabi striming xizmatlarini qamrab oladi. 16 yoshgacha bo‘lganlar yangi akkaunt yarata olmaydi, mavjud profillar esa o‘chirilgan.
YouTube Kids, Google Classroom va WhatsApp taqiq ro‘yxatiga kiritilmagan, chunki ular ijtimoiy tarmoq sifatida baholanmagan. Shu bilan birga, akkaunt talab qilmaydigan saytlar orqali kontent tomosha qilishga ruxsat berilgan.
Qonun qanday amalga oshirilmoqda?
Jazolar bolalar yoki ota-onalarga emas, balki texnologik kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladi. Qoidalarni jiddiy yoki takroran buzgan platformalar 49,5 million Avstraliya dollarigacha jarimaga tortilishi mumkin.
Yoshni aniqlash uchun hujjatlar, biometrik tekshiruvlar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilish kabi bir nechta usullardan foydalanish talab etiladi. O‘zini o‘zi tasdiqlash yoki ota-onaning roziligi yetarli hisoblanmaydi.
Foydalanuvchilar va kompaniyalar qanday muammolarga duch keldi?
Taqiq arafasida ko‘plab o‘smirlar muqobil ilovalarni izlashdi yoki VPN xizmatlaridan foydalandi. Biroq bu faollik qisqa muddatli bo‘lib chiqdi.
O‘smirlar orasida munosabatlar turlicha bo‘ldi: ayrimlar o‘zini erkinroq his qilganini aytsa, boshqalar soxta tug‘ilgan sana bilan yoki umumiy akkauntlar orqali ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda davom etganini bildirdi.
Taqiq qanday tanqidlarga uchramoqda?
Tanqidchilar yoshni aniqlash texnologiyalarining aniqligi, ayniqsa o‘smirlar uchun, yetarli emasligini va shaxsiy ma’lumotlarning katta hajmda yig‘ilishidan xavotir bildirmoqda.
Shuningdek, o‘yin platformalari, tanishuv saytlar va ayrim sun’iy intellekt xizmatlari cheklovlardan tashqarida qolayotgani taqiq samaradorligini pasaytirishi mumkinligi aytilmoqda.
Nega hukumatlar bu choralarni zarur deb hisoblamoqda?
Avstraliyada 2025-yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 10–15 yoshdagi bolalarning 96 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi va ularning katta qismi zararli kontent, kiberbulling yoki nomaqbul aloqalarga duch kelgan.
Fransiya va boshqa davlatlar qat’iy yosh cheklovlari va tekshiruv mexanizmlarini raqamli muhitda bolalarni himoyalashning muhim vositasi deb hisoblamoqda.
