2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Xitoy Xalq Respublikasiga tabiiy gaz eksportining moliyaviy hajmi 773 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda TASS agentligi XXR bojxona statistikasiga tayanib xabar berdi.
Keltirilgan ma’lumotlar O‘zbekiston ichki bozorda energiya resurslariga bo‘lgan talabning oshishiga qaramay, Xitoyga quvur orqali yetkazib beriladigan “moviy yoqilg‘i” bo‘yicha yetakchi besh ta’minotchidan biri sifatidagi o‘rnini saqlab qolganini ko‘rsatadi.
2025 yilda Xitoy gaz bozorida mutlaq yetakchilikni Rossiya Federatsiyasi egalladi. Rossiyaning gaz eksporti qiymat jihatidan 9,41 milliard dollarga yetib, unga Xitoyning eng yirik gaz yetkazib beruvchisi maqomini ta’minladi.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Turkmaniston egalladi. Ushbu mamlakatning Xitoyga gaz eksportidan olgan daromadi 8,41 milliard dollarni tashkil etib, Ashxobodning mintaqadagi asosiy energetik hamkorlardan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Yetakchilar ortidan Myanma joy oldi — uning Xitoyga gaz yetkazib berishdan tushgan daromadi 1,53 milliard dollarni tashkil etdi. To‘rtinchi pog‘onani Qozog‘iston egallab, 1,13 milliard dollarlik eksportni amalga oshirdi. O‘zbekiston esa kuchli beshlikni yakunlab, mintaqadagi sheriklariga nisbatan kamroq hajmda bo‘lsa-da, Xitoyning energetik xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Taqqoslash uchun aytish joizki, Xitoyning xorijdan quvur orqali gaz xaridlari 2024 yilda 21,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 8,6 foizga yuqori bo‘lgan. 2025 yilgi raqamlar esa Xitoy sanoati va kommunal sohasida energiya resurslariga bo‘lgan talab barqaror o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Ushbu tendensiya gaz yetkazib beruvchi davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ham barqaror eksport yo‘nalishlari shakllanayotganini, ayni paytda Xitoy bozoridagi raqobat va ichki energetik ehtiyojlarni muvozanatlash zarurati mavjud ekanini yaqqol namoyon etadi.
O‘zbekiston gazi “Markaziy Osiyo — Xitoy” gaz quvuri orqali yetkazib beriladi. Ushbu magistral Xitoyning birinchi transmilliy gaz quvuri bo‘lib, dunyodagi eng uzun gaz quvurlaridan biri hisoblanadi. Tarmoqlari bilan birga umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan oshib, Turkmaniston va O‘zbekiston chegarasidan boshlanib Gonkonggacha yetib boradi.
