AQSh prezidenti Donald Tramp Minneapolis shahrida davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida harbiy kuch ishlatish ehtimolini istisno etmadi. U tartibsizliklarni to‘xtatish uchun Insurrection Act qonunini ishga solishi mumkinligini bildirdi.
1807-yilda qabul qilingan Insurrection Act AQSh prezidentiga mamlakat ichida tartibni tiklash uchun harbiy kuch yoki Milliy gvardiyani safarbar etish huquqini beradi. Ushbu qonun gubernator roziligisiz ham qo‘llanishi mumkinligi sababli, juda bahsli hisoblanadi.
Minnesota bosh prokurori Keyt Ellison Tramp bunday qaror qabul qilsa, uni sudda rad etishini aytdi. U allaqachon Milliy xavfsizlik departamentini (DHS) sudga bergan bo‘lib, idora ma’lumotiga ko‘ra, dekabr boshidan buyon shtatda 2 mingdan ortiq hibsga olishlar amalga oshirilgan.
Gubernator Tim Uolz vaziyatni yumshatishga chaqirib, federal hukumatning keskin harakatlari tinchlikni tiklash o‘rniga keskinlikni kuchaytirayotganini ta’kidladi.
Minneapolisdagi norozilik namoyishlari Renee Gudning 7-yanvar kuni ICE xodimi tomonidan otib o‘ldirilishidan so‘ng kuchaydi. Shundan beri shahar ko‘chalarida tez-tez namoyishlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va to‘qnashuvlar kuzatilmoqda.
Shahar meri Jeykob Frey federal kuchlar soni mahalliy politsiyadan bir necha baravar ko‘p ekanini aytib, bu holat aholida qo‘rquv va g‘azab uyg‘otayotganini bildirdi.
Trampning Insurrection Act’ni qo‘llash haqidagi bayonoti vaziyatni keskin bosqichga olib chiqib, harbiy kuchning tinch aholiga qarshi ishlatilishi borasida jiddiy xavotirlarni kuchaytirdi.
