2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda bolalar uchun mo‘ljallangan kontent yaratish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun maxsus soliq imtiyozlari joriy etiladi. Ushbu choralar bolalar kontenti sohasini qo‘llab-quvvatlash va uning sifatini oshirishga qaratilgan.
Yillik jami daromadining kamida 80 foizi bolalar uchun mo‘ljallangan kontentni yaratish va realizatsiya qilishdan shakllangan yuridik shaxslar, shuningdek Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, ushbu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Mazkur toifadagi tashkilotlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi, bu esa moliyaviy yukni sezilarli darajada kamaytiradi va yangi loyihalarni rivojlantirishga imkon yaratadi.
Shuningdek, yuridik shaxslarga bolalar uchun mo‘ljallangan kontent yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini samarali rejalashtirishga xizmat qiladi.
