Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PQ-39-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibi tasdiqlandi. Ushbu reyting qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarni aniqlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Barqarorlik reytingi Soliq qoʻmitasi huzuridagi “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi asosida avtomatik (onlayn) tarzda shakllantiriladi hamda Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi. Reyting texnik jihatdan Soliq qoʻmitasi tomonidan yuritiladi.
Reyting faqat yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi va oxirgi 30 kalendar kun davomida amalda boʻlgan baholash koʻrsatkichlari asosida hisoblanadi. Barcha ballar va koʻrsatkichlar soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida real vaqt rejimida aks ettiriladi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati umumiy koʻrsatkichlar, ballarni kamaytiruvchi va qoʻshimcha ball beruvchi mezonlar asosida baholanadi. Baholashda soliq hisobotlari, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlash, ish haqi darajasi, mulk mavjudligi, elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanish, shuningdek ijtimoiy va ekologik omillar inobatga olinadi.
Reyting natijalari AAA dan D gacha boʻlgan shkalada baholanadi. Yuqori ball toʻplagan tadbirkorlik subyektlari yuqori barqarorlik darajasiga ega hisoblanadi, past ball esa faoliyatda mavjud xatar va kamchiliklarni anglatadi.
Agar tadbirkorlik subyekti reyting koʻrsatkichlari boʻyicha eʼtiroz bildirsa, murojaat shaxsiy kabinet orqali Soliq qoʻmitasiga yuboriladi va 5 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Asosli eʼtirozlar boʻyicha reyting qayta shakllantiriladi.
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi
Mazkur reyting tizimi tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va barqarorligini oshirish, shuningdek davlat organlari va jamoatchilik uchun ishonchli baholash mexanizmini yaratishga xizmat qiladi.
| Barqarorlik darajasi | Reyting ko‘rsatkichi (SHKAA ASI) | Baho |
|---|---|---|
| Yuqori | AAA | 96–100 ballar |
| AA | 91–95 ballar | |
| A | 86–90 ballar | |
| BBB | 76–85 ballar | |
| O‘rta | BB | 66–75 ballar |
| B | 56–65 ballar | |
| Qoniqarli | CCC | 51–55 ballar |
| CC | 36–50 ballar | |
| Quyi | C | 26–35 ballar |
| D | 25 ballgacha |
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi
| T/r | Ko‘rsatkich nomi | Hisoblash davriyligi | Mas’ul tashkilot |
|---|---|---|---|
| a) Umumiy ko‘rsatkichlar | |||
| 1 | Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish davomiyligi | yillik | Adliya vazirligi |
| 2 | Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ortiq ish haqi to‘lanayotgan xodimlar sonining ko‘payishi | oylik | Soliq qo‘mitasi |
| 3 | Yer uchastkalari va (yoki) ko‘chmas mulk obyektlari mavjudligi | oylik | Kadastr agentligi |
| 4 | Bir nafar xodimga to‘g‘ri keladigan ish haqi jamg‘armasi | oylik | Soliq qo‘mitasi |
| 5 | Soliq hisobotlarining belgilangan muddatlarda taqdim etilishi | oylik | Soliq qo‘mitasi |
| b) Ballarni kamaytiruvchi ko‘rsatkichlar | |||
| 11 | Joylashgan joy (pochta manzili) o‘zgarishi | yillik | Adliya vazirligi |
| 12 | Tadbirkorlik subyekti rahbarining qo‘nimsizligi | yillik | Adliya vazirligi |
| 13 | Kreditorlik qarzdorligi mavjudligi | yillik | Oliy sud |
| v) Qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkichlar | |||
| 20 | Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bandligi | oylik | Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi |
| 21 | EBITDA bo‘yicha rentabellik darajasi | yillik | Soliq qo‘mitasi |
| 26 | “Yashil” energiyadan foydalanish samaradorligi | oylik | Energetika vazirligi |
