Qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklarga muvofiq, ayrim tadbirkorlik subyektlari uchun soliq imtiyozlari belgilandi. Ushbu choralar yengil sanoat va unga tutash tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish hamda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Prezident Farmoniga asosan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab yengil sanoat korxonalarida quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismi realizatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan tizim joriy etiladi.
Paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligi inobatga olinib, 2026 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat etiladi.
2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvargacha quyidagi soliq imtiyozlari amal qiladi:
- tijorat banklari balansida bo‘lgan to‘qimachilik hamda tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini investorlarga realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi;
- tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalar ishlab chiqarish faoliyatini 6 oy muddatda to‘liq tiklash sharti bilan 1 yil davomida mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi;
- charm-poyabzal va mo‘ynachilik korxonalari, shuningdek chorva mollari so‘yish va terini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun belgilangan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i hamda aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.
Mazkur soliq imtiyozlari tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy yukini kamaytirish, ishlab chiqarishni tiklash va kengaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
