2025-yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Boysun tumanida joylashgan “M-25” koni hududida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning yer yuzasiga chiqishi holati qayd etildi.
Neft suyuqligining keng hududga tarqalishining oldini olish maqsadida kon atrofida hamda soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya va yig‘uvchi hovuzlar barpo etildi.
Yig‘ib olingan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus ajratilgan maydonga olib chiqilmoqda. Ushbu hududda hajmi 5 000 kub metr bo‘lgan, maxsus izolyatsiyalangan ikkita shlam hovuzi mavjud bo‘lib, ular neft suyuqligini xavfsiz saqlash va kelgusida undan samarali foydalanish imkonini yaratadi.
Barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda.
Neft suyuqligi namunalaridan olingan tahlillar asosida uni qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, hududda geologik tadqiqot ishlari ham davom etmoqda.
Hozirgi vaqtda holat doimiy monitoring ostida bo‘lib, neft suyuqligi chiqishi jilovlangan. Dastlabki kunlarda kanalga oqib chiqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik taqdim etiladi.

